Uzatilgan qiz (Real voqea)

Nazira tez-tez soatiga qarab qo’yar, yuragi xovliqardi. Kichkintoylar esa bog’cha opasining yuz-ko’zlaridagi shoshqinlikni tushunmas, maza qilib o’ynashar edi. Ota-onalar ham bolalarining ko’ngliga qarab: – Bo’ldi, endi charchadilaring, bayram tugadi, uyga keta qolaylik, – demasdi. Bog’cha hovlisida sharlar uchadi, musiqa jaranglaydi, bolakaylar qiyqirishadi… "Hozir diplom yoqlab chiqsa… hamma dugonalarining ota- onalari guldastalar ko’tarib kutib turishgan bo’lsa… Madinam o’ksib qolarmikan?Axir, avvallari oddiy imtihonlarda ham gul ko’tarib borardim… "Turmushga berdi-yu, onam shundayshodiyona kunim – diplom yoqlaganimda ham kelmadi”, deb ko’ngli qabaradi- da endi”… Bu xayol Naziraga tinchlik bermayotgan bo’lsa-da, ishini tashlab keta olmasdi. Ertalab eri: – Madinaga bora olarmikansan? – deb so’raganida: – Albatta, bolalar bilan birpas darang-durung qilsak bas-da, keyin bo’shman, – degandi. Bu gapidan so’ng eri ham bir dunyo ishni rejalashtirgandir. …Xullas, bolalarni tarqatguncha Naziraning bir xayoli qizida bo’ldi. Ishini yakunlagach, ming istihola bilan qiziga qo’ng’iroq qildi. Nazarida, Madina universitet xiyobonining bir burchagida yig’lab o’tirgandek edi. – Qizim… – Opajon… – Madinaning ovozidagi jarang Naziraning gursillab urayotgan yuragiga sal taskin berdi. – Meni tabriklang, diplomimni "a’lo”ga himoya qildim. Ustozimiz: – Ota-onangga rahmat, qizim, – dedi.Adajonimga yetkazib qo’ying. – Hozir qaerdasan? Bormoqchi edim.. – Yo’q, yo’q, ovora bo’lmang, opajon. Oyijonim, dadajonim, kuyovingiz hammasi shu yerda… Siz charchagansiz… O’zingizga qarang. – Ha, shunaqami? Qudalarimga salom de! Rahmat ayt ularga… Nazira telefon tugmasini bosdi. "Ularborishibdi…”, deya shivirladi, lekin ko’ziga "duv- duv” yosh keldi. Ishdan qaytar ekan, ichidagi hissiyotlarni o’zi tushunmasdi. "Xursand bo’lishim kerak, yolg’iz qolmabdi. To’ydan atigi bir oy o’tdi. Bir oyda qadr topibdi”, derdi-yu, ichida bir o’ksinish kezinar, aziz bir narsasidan ayrilgandek bo’shashib, darmonsizlanar edi. Uyiga kelib, Madinaning xonasiga kirdi. Divaniga o’tirib, suyanchiqlarini siladi. Yaqindagina qizini ertalab uyg’otgani kirardi: – Tur, qizim, o’qishga kech qolasan, –derdi. Madina yuziga kitobni yopib, sochlari to’zg’ib uxlab yotardi. – Yana… besh daqiqa, oyi, atigi besh daqiqa, – deb ko’zini ocholmasdi. – E, xudoyim, erta-indin birovning eshigiga borasan. Sahar turib, hovli supurishning, nonushta tayorlashing kerak. Bu yotishing bo’lsa, ikki haftada olib kelib tashlashadi, – deya jig’ibiyron bo’lar, Madina: – Hozir uxlab olaveray-chi, o’shanda bir gap bo’lar, – deya erkalanardi. Endi shu erkatoy qizi.. begonalarga qiz bo’ldimi? – Ha, opa, buncha bo’shashib o’tiribsiz? Qancha yig’ladi, ovundi, o’g’li Umidjon o’qishdan qaytgach, uning ovozidan xayol to’rlari uzildi. – Opang… – Ha, "a’lo”ga yoqlabdi, tabrikladim. – Birrov borib kelsakmikin, har holda, hayotida katta voqea ro’y berdi. Ataganimiz bor edi, – dedi Nazira. – E, nima qilasiz, o’z holiga qo’ying! Yaqinda pochchamning tug’ilgan kuni ekan, borarmiz, – dedi Umidjon. "Yo’q, Madina kutadi. Shunday kunida onasini kutmasligi mumkinmi?” Nazira o’g’lining "hay-hay”lashiga qaramay, oshxonaga kirib pishir-kuydirni boshlab yubordi. Hafsala bilan qilinayotgan tayyorgarlik nihoyasigayetgach: – Umidjon, meni taksiga kuzatib qo’y! – dedi. – Opa, avval qo’ng’iroq qiling! – Nima, o’z qizimni yo’qlashga ham ruxsat so’raymanmi? Sen bola rosa dangasa bo’libsan, o’zim ketaveraman bo’lmasa! Nazira shunday dedi-yu, yana… qo’ng’iroq qildi. Musiqa, shovqin… – Madina, uydamisizlar? – Yo’q, opa, kuyovingiz bilan himoyamni yuvyapmiz. Oyijon, dadajonlarim "Rosa charchadingiz, bolam, avval to’y, so’ng imtihonlar, himoya, bir yayrab o’tiringlar”, deyishdi… Madina baqirib gapirar edi. – Mayli, bolam… yaxshi o’tiringlar! Naziraning tomog’iga nimadir tiqilgandek bo’ldi. Oshxonaning issig’ini endi sezgandek edi. Derazalarni ochib tashladi. – Ha, opa, yuring, kiyinib chiqdim, – dedi Umidjon. – Bormas ekanmiz… – Zo’rg’a o’zini bosib gapirdi Nazira. – Kafeda ekan pochchang bilan… – Aytdim-ku sizga… Yoshlarga shon-sharaflar… Iya, opa, sizga nima bo’ldi? Yig’layapsizmi? Arazladingizmi? Yuring, o’zim aylantirib kelaman… Nazira o’g’liga suyanib baralla yig’lab yubordi. – Ana xolos, o’zingiz "Tezroq shu qizimni egasiga topshirib, tinsam edi”, derdingiz-ku. Endi egasida tinsa… qizg’anyapsizmi? Nazira nima deyishini bilmasdi. O’qitdi, shu qiz uchun yelib- yugurdi, o’zini unutdi, endi shu ekan-da… – Yo’q, borgan joyida tinsin, o’shalarga yulduzini issiq ko’rsatsin Xudoyim… Men… shunchaki… Nazira "hiq-hiq”lab zo’rg’a gapirdi. – Bu – boshqa gap, opa! Keling, ikkovimiz maza qilib ovqatlanamiz. "Birovning nasibasini birov yeya olmaydi”, degan mashoyixlar. Pishirganingiz – o’zimizning nasiba ekan! Umidjonning ovozi uyni to’ldirdi. Nazira ko’zida yosh bilan jilmaydi.

Do'stlaringizga Ham Tarqating!
221 YOQDI 2 YOQMADI
- Joylandi: 14.02.2017 22:37
- Kanal: Sevgi Xikoyalari!
Izoh Qoldirish!
Ismingiz:
E-Mail:
Ko'd:
waplog <
Lower Reklama!
QAYTISH
BOSH SAHIFA

WEB | Copyright Design by ISLIMBEK
Design version 9.3

waplog spywap.net SAYSTAT.RU