Moqina.Net
SAYT MENUSI!
QO'SHIMCHA MENU!
REKLAMA!
TAFIYADAGI RASMLAR!
Tug‘ruqxona mashmashalari. Suyunchini suyunib beraylik!

Tug‘ruqxona — jamiyat uchun eng muhim muassasa. Bu yerda shifokoru doyalar yordamida yangi hayot yaraladi, yangi avlod dunyoga keladi. Tug‘ruqxonadagi sharoit, undagi xodimlar malakasi, muomalasiga qarab, tibbiyot sohasiga baho berish  mumkin. Bu yil mamlakatimizda «Sog‘lom ona va bola yili» deb e’lon qilindi, demak, aynan ona va bola salomatligi uchun bevosita aloqador bo‘lgan tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilashga, ulardagi mutaxassis xodimlarning tajriba va malakasini yanada oshirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar uzviy davom ettiriladi. Lekin faqat odamlarning, jamiyatning o‘ziga bog‘liq bir jihat ham borki, uni tartibga solmay turib, bu illatlarga qarshi kurashmay turib, nafaqat tibbiyot, balki barcha sohalarda ham katta ijobiy o‘zgarishlarga erishish qiyin. Bu tamagirlik, manfaatparastlik, poraxo‘rlikdir. El-yurt ichida ko‘p muhokama qilinadigan «tug‘ruqxona mashmashasi»ga e’tibor qaratdik. Ona farzandini dunyoga keltirish uchun chindan ham hammaga qistir-qistir qilishga majburmi?

«Hech kim hech narsa ta’ma qilmadi!»

Dildora Vohidova, ona bo‘lganiga  bir hafta bo‘lgan: — Ming shukr, tug‘ruqxonadan uyga ham kelib oldik. Shahar markazida joylashgan, hamma bir ovozdan maqtagan tug‘ruqxonada ko‘zim yoridi. Sharoitlari juda yaxshi ekan, ozoda, issiq, zamonaviy. Menda kesarcha kesish amaliyoti o‘tkazish avvaldan belgilangani uchun shifokorni ham ancha oldin kelishib qo‘ygandik. O‘sha kungi navbatchi shifokorlar ham, o‘zim istagan ginekolog ham yonimda bo‘lishdi. Ba’zi dugonalarim «Pulini oldindan berib qo‘ysang, senga yaxshi qarashadi», deyishgandi. O‘zim gaplashgan shifokorni-ku, turmush o‘rtog‘im rozi qildi, lekin qolganlar menga hech bir manfaatsiz yordam ko‘rsatishdi. Birov «Menga mana buncha pul berasan» degani yo‘q, suyunchi berdik, xolos. Menimcha, kechasi uyqudan qolib bolangizni ko‘tarib, tagini tozalab, o‘zingizni yuvintirib, kiyintirib qo‘yadigan tibbiyot xodimlariga minnatdorchilik bildirishning yomon tomoni yo‘q!

«Bir-ikki so‘m qistirmasangiz, qiyo ham boqishmaydi»

Baxtiyor Bozorov: — Rafiqam ikki qizdan keyin o‘g‘il tug‘di. Shuning uchunmi, o‘sha kuni bor pulimni ginekologdan tortib sanitarlargacha tarqatib yuboribman. Xotinim esa tug‘ruqdan keyin rosa qiynalganini, har kungi ertalabki ko‘rikdan so‘ng kechgacha hech kim kelib xabar olmaganini aytaverdi. So‘ng chilla bo‘limidagi shifokor bilan yana alohida gaplashib, cho‘ntagiga pul solib qo‘ydim. Shundan keyin munosabat o‘zgarib, hamshiralar ham tez-tez xabar oladigan bo‘lishibdi. Xotinim va o‘g‘limni tug‘ruqxonadan olib chiqish uchun mashina buyurtirdim, video chaqirdim, fotograf yolladim. Rafiqam yalingan paytda har xil bahona qilgan hamshiralar suyunchi pul umidida yuklarni tashish, bolani kiyintirish uchun yugurib qolishganini ko‘rsangiz edi. Tug‘ruqxonadan chiqayotganda ona va bolaning shifokorlari kasallik tarixidan ko‘chirma yozib berishadi, o‘sha qog‘ozlar uchun ham belgilangan pulni berdim. Xullas, xarajat ustiga xarajat bo‘ldi. Erkaklar, tug‘ruqxonaga belni baquvvat qilib boravering!

«Qon o‘rniga pul bermang?!»

Olim Rifqatov: — Xotinim hech qanday qon yo‘qotmasdan, tabiiy tug‘ruq yo‘li bilan ona bo‘ldi. Shunday bo‘lsa ham, ota sifatida tug‘ruqxonaning qon zahirasini ko‘paytirish uchun qon topshirib kelishim kerakligini, aks holda pulini berishim mumkinligini aytishdi. Avval shu o‘n besh chaqa pulini bersam, qutulaman, deb o‘yladim. Negaki qon topshiradigan joy shaharning boshqa burchagida, buning ustiga, ishim ko‘p edi. Keyin gazetangizda bemor bolalarga san’atkorlar qon topshirib, odamlarni shu ishga targ‘ib qilganlarini o‘qiganim yodimga tushdi. Buni qilishga majbur bo‘lmasam-da, borib, topshirib keldim. Ko‘pincha, pul so‘rashyapti deb noliymiz, lekin o‘zimiz insoniylik burchimizni bajarishdan bosh tortamiz.

«Suyunchimi yo pora?»

Sharifa Rahimjonova: — Suyunchi berish kerak, minnatdorchilik bildirish kerak, deymiz-ku, ammo uning chegarasi qayerda? Suyunchi bilan porani, rozi bo‘lib berish bilan og‘rinib berganning farqi bor! Kelinim yaqinda farzandli bo‘ldi, «Shifokorni avvaldan gaplashib qo‘ysak, yaxshi qaraydi» dedi, homilador bo‘lgani uchun ko‘nglini og‘ritmay deb, rozi bo‘ldim. Aslida, ona va bola salomatligi uchun mas’ul bo‘lgan shifokorlar hammaga birdek munosabatda bo‘lishi kerak-ku! Kelinimni kechasi to‘lg‘oq tutib, tug‘ruqxonaga bordik. O‘zimiz gaplashgan shifokor yetib kelguncha, navbatchi xodimlar yordamida ko‘zi yoridi. O‘g‘lim gaplashilgan shifokorga suyunchi pul bersa, «Bu pulni sanitarka bilan hamshiraga bersangiz arziydi», deb qaytaribdi. Uning bu gapini to‘g‘ri ma’noda tushunib, pulni qaytarib olayotganda, shifokor «Hozir bitta tug‘ish stavkasi mana shuncha», deb o‘zining kechasi uyqudan qolib, ishga kelganini pesh qilibdi. Palon yuz ming so‘m so‘rabdi. Mana shunday yulg‘ichlikni suyunchi yoki rozi qilish deb atash to‘g‘rimi?

«Xuddi osmon qo‘lidadek…»

Aziza Qodirova: — Yaqinlarim uzoqqa borib qiynalishmasin, deb o‘zimizning tumanimiz tug‘ruqxonasiga bordim. Shukr, tug‘ruq jarayoni yaxshi o‘tdi, shifokorlarga o‘zimiz qancha xohlasak, shuncha berdik. Biroq u yerdagi tartib menga umuman yoqmadi. Shifokorlar ketganidan keyin eshikbonga uch-to‘rt so‘m qistirsang, chaqaloqni ko‘rgani kiritadi, tug‘ruqxona keldi-ketdi makoniga aylanadi. Bir hafta ichida bitta sanitarka ikki marta navbatchilikka turdi, nuqul o‘sha xotin navbatchi bo‘lsa, soat 23 dan keyin hojatxona eshigini qulflab qo‘yadi: ertalab tozalik bekasi kelib tekshirib olmagunigacha, hojatxona  toza turishi kerak emish. Farosatsiz onalar iflos qilar emish. Uning gapidan jon-ponim chiqib ketdi. «Siz ham ona bo‘lgansiz-ku, bolasini xonadagi sherigiga qoldirib, 50 qadam yerga bazo‘r borib kelayotgan onalarga rahmingiz kelmaydimi, agar yana shunaqa qilsangiz, bosh vrachga kiraman», deb urishishimga to‘g‘ri keldi.  «Mening yoshim katta, mushtdek bo‘lib olib aql o‘rgatmang», deb ishlab charchab qolayotganini pesh qilayotgan xodim nega nafaqaga chiqmaydi?

«Hamma gap o‘zimizda!»

Lobar Anorqulova: — Dugonalarim aytishicha, tug‘ruqxonada pul emas, tanish-bilishing borligi ko‘p narsani hal qiladi. Kimningdir nomini aytib kelsang, yoki o‘sha tug‘ruqxonada tanish xodiming bo‘lsa, nisbatan yaxshiroq muomala qilishadi. Bilmadim, men buni sezmadim. To‘lg‘oq tutganda bordim, barcha tibbiy yordamni ko‘rsatishdi. Birov pul so‘ragani yo‘q, arzimagan suyunchi berdim, xolos. Bolamga ham, o‘zimga ham yaxshi qarashdi. Qish bo‘lsa ham, xonalar issiq, yorug‘. Chaqalog‘imning qorni og‘rib bir kecha umuman uxlamadi. Mehribon hamshira  «Siz uxlab, damingizni oling», deb menga ko‘mak berdi. Birinchi farzandimni xorijda dunyoga keltirganman, u yerda tug‘ruqxona to‘lovlari kattaligidan turmush o‘rtog‘im ikkimiz juda qiynalganmiz. Bizdagi muomala, sharoit, tibbiy yordam beminnat va bepul. Bir-ikki xodimning tamagirligi deb shu tizimda ishlayotgan, minglab fidoyi, halol tibbiyot xodimlarini yomonotliqqa chiqarishga haqqimiz yo‘q.

Fikrlarni o‘qib turib, shu xulosaga keldik: bergan o‘zimiz-u, olganni yomonlaymiz, o‘rgatgan o‘zimiz-u, o‘rganganga insof so‘raymiz. Bitta tug‘ruqqa o‘rtacha maosh pulimizni sochib kelayotgan ham, shifoxona, hatto chillaxona ichki tartibiga amal qilmay, chaqaloqni ko‘ray deb hovliqib, onalar tinchini buzayotgan ham o‘zimiz. Har bir vaziyatga yechim yoki mulohaza bildirib o‘tirmadik, «Bizda tug‘ruq bepul!» degan huquqiy asosning o‘ziyoq barcha savolga (chaqaloq uchun beriladigan vaqtinchalik ozuqadan tortib tibbiy qo‘lqopgacha bepul, shu va boshqa birlamchi zaruriy ashyolar, dori vositalari bilan tug‘ruqxonalar davlat tomonidan ta’minlangan! Donorlikka ham hech kim majburlay olmaydi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 1003 ishonch telefoniga murojaat qilishdan erinmang) javob bo‘la oladi. Huquqingizni bilsangiz, hamma sohada ham mutasaddi yoki ma’sul xodimlar bilan shu huquq doirasida gaplashsangiz bas. O‘z xizmat vazifasiga panja orasidan qarab, muammolar zanjiriga yana bitta halqa qo‘shmang, sizning ham nuqtai nazaringiz, huquqiy savodxonligingiz borligini bildirib qo‘ying! Yodingizda bo‘lsin, jamoatchilik nazorati, ochiq fuqarolik jamiyati har birimizning sa’y-harakatimiz orqali shakllanadi.

Do'stlaringizga Ham Tarqating!
- Joylandi: 21.09.2016 19:15
- Kanal: Xomiladorlik!, Ayollarga Maslahat!
Izoh Qoldirish!
Имя *:
Email *:
Код *:

waplog
waplog