Moqina.Net
SAYT MENUSI!
QO'SHIMCHA MENU!
REKLAMA!
TAFIYADAGI RASMLAR!
Ovsinlar haqida. Ahil bo‘lish sirlari

Odatda, ovsinlar o‘rtasida raqobat bo‘ladi. Bu tabiiy hol. Chunki ovsinlar qaynsingil yoki qaynukadan farqli o‘laroq, qaynotayu qaynona oldida teng huquq va mavqega ega ayollardir. Ha-ha, aynan ayollar! Ular shunday bir hilqatki, har yerda, har jabhada beqiyos va yagona bo‘lishni istashadi. Shundanmi, kundosh kundoshga paxta, ovsin ovsinga tosh otadi, degan maqol xalq orasida ko‘p tilga olinadi. Modomiki, shunday ekan, bu raqobatning dushmanlikka aylanib ketmasligi, aksincha, oila yakdilligi va hamjihatligini, turmush totuvligini ta’minlaydigan kuchga aylanishi uchun nima qilmoq kerak?

1. Ovsin – opa yoki singil emas!
Bilib qo‘ygan yaxshi: ovsin — qarindosh. U opa yoki singil emas! Tabiiyki, dushman, deb ham bo‘lmaydi. Shu bois unga yovqarash ham, o‘ta yaqinlashib ketish ham noto‘g‘ri. Ovsin dugona bo‘lolmasligi mumkin, biroq qiyin vaziyatlarda yoningizda turib beradi. O‘zingiz ham bilasizki, kichkinangiz dunyoga kelganida kattangizga qarab turgan, eringizning issiq-sovug‘idan xabar olgan, tug‘ruqxonadan chiqadigan kuningiz yugurib-yelib kutib olgan ovsiningizdir.

2. Siringizni boy bermang
Tilga ehtiyot bo‘lish kerak. Ovsiningiz sizga ko‘nglini ochib, dardini aytsa, hamdard bo‘ling, ammo evaziga siz ham dardingizni dasturxon qilmang. Negaki, u o‘zining aytganlarini batamom unutib, faqat sizning aytganlaringizzi yodda saqlab qolishi va bir kuni uni sizga qarshi qurol sifatida qo‘llashi ham mumkin.

3. O‘chakishib nima ham topardingiz?
Ba’zi ovsinlar ochiq-oshkor raqobat qilishmasa-da, zimdan bir-birlariga qarshi bo‘lishadi. Ovsinning qozoniga bildirmay tuz solib qo‘yish, dorga yoyib qo‘ygan kirlariga qo‘l artib ketish kabi “hazil”lar shular jumlasidandir. Siz esa bunday pastkashlikka aslo qo‘l urmang. Sabr qiling yoki taktikani o‘zgartiring, ya’ni ovsiningizni tarbiyalashning boshqa o‘ziga xos yo‘lini o‘ylab toping. Toki, u kutilmagan yaxshi munosabatdan dovdirab, qilayotgan ishlaridan uyalib qolsin.

4. Janjalga bolalar sababchi bo‘lmasin
Shunday qilingki, bolalar o‘zaro nizoni sizning aralashuvingizsiz hal qilishga o‘rganishsin. Ular kunda urishsa, siz ham kunda oraga tushib, asabingizni buzavermaysiz-ku, axir?!

5. Chaqmachaqarlikdan yomoni yo‘q!

Eringiz hamda uning qarindoshlariga ovsiningizni yomonlamang. U g‘iybat qilgan taqdirda ham, siz uni maqtab turaversangiz, kim yaxshi, siz yaxshi bo‘lasiz. Yana shunisi ham borki, qarindoshlarning ovsiningiz bilan munosabati iliq bo‘lishi mumkin. Balki qaynonangizning unga mehri bo‘lakchadir yoki eringiz sizga uylanguniga qadar qilgan yaxshiliklari uchun kelinoyisini hurmat qilar. Agar shunday bo‘lsa, siz ovsiningizni yomonlab, uning o‘rnini egallay olmaysiz.

6. G‘iybatga ne hojat?
Til — suyaksiz. Birovning kamchiligini muhokama qilaturib, ortiqcha gapirib yuborish ehtimoli katta. Bunday holatda yutqazgan siz bo‘lishingiz mumkin. Tasavvur qiling, ovsiningizga qaynsinglingizning eri o‘tli-shudli emasligini shunchaki gap orasida qistirib o‘tdingiz. Oradan uch kun o‘tmay, qaynsinglingiz: «Nega erimni yomonlading?», deb boshingizga kelishi hech gap emas.

7. Har kimning o‘z daxlsiz hududi bor
Sarhadlaringizni yaxshilab qo‘riqlagan holda ovsiningizning hududiga ham daxl qilmang. Masalan, bir hovlida turadigan ovsinlarning alohida-alohida supurgisiyu chang artadigan lattasi bo‘lgani ma’qul. Maishiy texnika ham bitta qo‘lni yaxshi ko‘radi. Kir yuvish mashinasi, gaz plitasi yoki mikroto‘lqinli pech umumiy bo‘lishi mumkin, ammo, changyutkich, fen, dazmol va televizor har kimning o‘ziniki bo‘lishi maqsadga muvofiq. Ovsiningizning ro‘zg‘ori bo‘lak bo‘lsa, sizdan uzoqda yashasa, uyiga boradigan bo‘lsangiz, mehmonligingizni unutmang. Uning javonlari, oshxonasi yoki muzlatkichiga zinhor burun suqmang.

8. Qaynog‘a — og‘a emas!
Ayrim kelinlar qaynisi yoki qaynog‘asi bilan haddan ortiq yaqin bo‘lgani, ya’ni ularni akasi yo ukasidek ko‘rgani xotinlariga yoqmaydi. Chunki har bir ayol erining hayotida muhim o‘rin tutadigan shaxs bo‘lishni istaydi. Turmush o‘rtog‘iga yaqin bo‘lgan har bir ayolni dushmandek qabul qiladi. Bu tabiiy hol. Tasavvur qiling, siz eringizning ayni damda qayerdaligini bilmaysiz, ovsiningiz esa biladi. Sizga og‘ir botadimi? Demak, pichoqni o‘zingga ur, og‘rimasa birovga, deganlaridek, qayningiz yo qaynog‘angiz haqida ovsiningizdan ortiqroq biror ma’lumot bilsangiz, ichingizda saqlang. Unutmang, uning xotini bor, siz esa shunchaki qarindoshsiz. Tanganing boshqa tomoni ham bor. Agar qayningiz yoki qaynog‘angiz bilan munosabatingiz yomon bo‘lsa, ovsiningiz orqali uni yaxshilashga harakat qiling. Ot qayoqqa yo‘rg‘alasa, arava ham shu tomon yo‘l oladi.

9. Vazminlik — bebaho xususiyat

Bir kun kelib, baribir, nizo chiqadi. Olaylik, u sizning qaysidir gapingizni noto‘g‘ri tushundi yoki qaynonangiz ovsiningizni hadeb maqtayvergani g‘ashingizga tegib, uning ko‘ngliga qattiq botadigan biror gap aytib yubordingiz. Siz ikkitani aytasiz, u ham uchtani deydi. Qarabsizki, kechagina chaqchaqlashib, norin to‘g‘rashib o‘tirgan ovsinlar bugun bir-biriga yov. Shu bois janjal chiqmasligiga harakat qiling. Mabodo, munosabatlar murakkab tus ola boshlasa, o‘zingizni bosishga va ortiqcha so‘zu xatti-harakatlardan tiyilishga intiling. Chunki jahl kelganida aql ketadi, ertaga aytganlaringizu qilganlaringizdan uyalib qolmang.

10. Nima eksang, shuni o‘rasan!
Ovsiningiz sizga qanday munosabatda bo‘lishini istasangiz, avvalo, o‘zingiz ham unga nisbatan shunday bo‘ling. Ovsinlar munosabatini oynadagi aksga mengzash mumkin. Zero, nimaiki qilsangiz, o‘zingizga qaytadi. Bordi-yu, yaxshiliklaringiz o‘rniga yomonlik qaytayotgandek tuyulsa, ovsiningizning yaxshi tomonlarini, sizga qilgan yordamlarini eslang. Agar ovsiningiz chindan ham yaxshilikni bilmaydigan nonko‘r bo‘lsa, kunda jiqillashavermay, qaynota-qaynonangiz, eringiz, umuman uyning kattalari bilan maslahatlashib, sizlarni bir-biringizdan uzoqroq tutishlarini so‘rang (masalan, biringizni alohida uyga chiqarib yuborishlarini). Kunda janjallaringizdan bezor bo‘lgan kattalarning o‘zi ham shunday qarorga kelishlari mumkin. Unutmang, eng yaxshi ovsin – olisdagi ovsin. Ammo bo‘lak chiqib ketaman, deb ataydan ovsiningiz bilan urishavermang. O‘zingizning asablaringiz tamom bo‘ladi, eringiz uydan bezadi, bolalaringiz jonsarak bo‘lib qoladi…

Ovsinlar – taqdirdosh. Ular qanchalik inoq bo‘lsa, aka-ukalar bir-biriga shunchalik yaqin bo‘ladi, oiladagi o‘zaro rishtalar mustahkamlanadi. Bunday uyg‘un munosabatlar esa farzandlar tarbiyasiga ijobiy ta’sir etishi, shubhasiz. Xullas, ahillikda gap ko‘p!

Do'stlaringizga Ham Tarqating!
- Joylandi: 15.05.2016 16:03
- Kanal: Ayollarga Maslahat!
Izoh Qoldirish!
Имя *:
Email *:
Код *:

waplog
waplog