Qishda kayfiyatni qanday ko‘tarish mumkin?

Kuz va qish fasllari — inson organizmi ko‘pgina qiyinchiliklarga duch keladigan davr hisoblanadi. Bular — ham haroratning keskin pasayishi, ham qon bosimining o‘zgarib turishi, ham vitaminlar yetishmovchiligi va hokazolar… Xuddi shu davrda bizning ko‘pincha qayg‘u va yomon kayfiyatga duch kelishimiz ajablanarli emas. Har bir kishining kayfiyatini ko‘tarishning o‘z usullari bor. Biz bularning eng ommabop va eng samaralilarini to‘pladik.

Kayfiyatni ko‘tarishning eng foydali va ayni paytda eng oson usuli — qarindoshlaringiz bilan muloqotda bo‘lish. Ularga qo‘ng‘iroq qiling yoki o‘zingiz, o‘sha paytda yoqmasa ham, ziyofatlarga qilingan takliflarni rad etmang. Do‘stlaringiz va qarindoshlaringiz har doim sizning kayfiyatingizni ko‘tarishga harakat qilishadi, yoki hech bo‘lmasa yoqimli suhbat davomida muammolaringizni biroz bo‘lsa ham unutishga yordam berishadi.

Ba’zi mahsulotlar ham kayfiyatni ko‘tarishga juda yordam beradi. Masalan, shokolad keng tanilgan antidepressant deb e’tirof etiladi. Shuning uchun, hatto, siz to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilsangiz ham, xayrli maqsadda o‘zingizga biroz shokoladni ravo ko‘ring. Shokoladning pozitiv ta’sirini choy yoki qahva bilan to‘ldirish mumkin. To‘g‘ri, shirinliklar kabi, ularni ham ko‘p iste’mol qilish zararli hisoblansa ham, kayfiyatni yaxshilash va tetiklikni oshirish uchun biroz ichish mumkin.

Salbiy hissiyotni yengishning yana bir yo‘li — ularni qog‘ozda aks ettirish. Negativ hissiyotlar manbasini aniqlashga harakat qiling va uning rasmini chizing (masalan, badjahl amaki — boshlig‘ingiz ko‘rinishida) yoki sizda yomon kayfiyat uyg‘otuvchi narsalarni chizing (qora bulut yoki yomg‘ir). Chizish jarayoni sizni chalg‘itadi, mehnatingiz samarasi esa ancha kayfiyatingizni ko‘taradi.

Ko‘nglingizga hech narsa sig‘mayotgan bo‘lsa, qalamni tashlang va boks grushasi tomon yo‘l oling. Mana, sizni alahsitadigan va ranj-alamlaringizni chiqarib olishingiz mumkin bo‘lgan narsa. Grushaning ta’zirini bering — yengil tortganingizni his qilasiz. Agar sizga boks to‘g‘ri kelmasa, sportning boshqa faol turlari ham bo‘laveradi. Ayniqsa, bunday mashqlar nafaqat qonga baxt gormonlarini qo‘shadi, balki mushaklarni chiniqtirishga va sog‘liqni mustahkamlashga imkon beradi. Nima, bu ijobiy hissiyot va yaxshi kayfiyat uchun sabab bo‘lolmaydimi?

Musiqa — kayfiyatni yaxshilashning sinalgan usuli. Sevimli qo‘shiq, hatto, agar u g‘amgin bo‘lsa ham, negativni chiqarishga imkon beradi va yaxshi fikrlar uchun aqlni bo‘shatadi. Ayniqsa, quvnoq musiqa. Shunday ekan, musiqani baland qo‘ying va qo‘shiq ayting, yaxshisi o‘yinga tushing. Faqat, qo‘shnilaringiz militsiya chaqirmoqchi emasligiga ishonch hosil qiling!

Do'stlaringizga Ham Tarqating!
- Joylandi: 01.12.2016 19:24
- Kanal: Xayotiy Maslahatlar!
Izoh Qoldirish!
Siz hali ro'yhatdan o'tmadingiz shu sababdan izoh qoldirolmaysiz, iltimos besh daqiqa vaqtingizni ayamay ro'yhatdan o'ting!
waplogspywap.net
waplog