Ko'zdan Kechirish

Sok siquvchi uskunani to‘g‘ri tanlash bo‘yicha tavsiyalar


Qutilarda sotilayotgan hech bir sok o‘z foyda va hususiyatlariga ko‘ra meva va sabzavotlardan yangi siqib olingan sok bilan tenglasha olmaydi. Yangi siqilgan soklar nafaqat foydali, balki mazali hamdir. Bunday soklar inson organizmiga quvvat baxsh etadi. Selderey, sparja va petrushkadan tayyorlangan sok vitamin va mikroelementlarga boy. Sabzi esa «foydali-mazali» jihatlari bo‘yicha soklar ichida chempion hisoblanadi. Sabzi soki inson salomatligi uchun o‘ta foydalidir. U taomni hazm qilishga yordam beradi, siydik haydash hususiyatiga ega, ko‘zlarimizga quvvat baxsh etadi, immunitetni ko‘taradi va saraton kasalliklari profilaktikasida ham qo‘llanadi.

Sok yordamida diyeta qilish ham foydalidir. Sokli diyeta yordamida organizmni shlaklardan tozalash, immunitetni ko‘tarish va ozish mumkin. Demak, o‘zingizdagi yalqovlikni yengib, sog‘lom turmush tarzi sari qadam tashlamoqchi bo‘lsangiz har kuni yangi siqilgan soklardan ichib turishingiz lozim bo‘ladi. Buning uchun esa oshxonangizda sok siquvchi uskuna (SSU) bo‘lishi shart. SSU ni tanlashdan oldin undan qanday maqsadda foydalanishingizga aniqlik kiritib oling. Chunki SSU lar ikki xil bo‘ladi. Sitrusli mevalardan sok siquvchi va universal SSU lar mavjud.

Sitrusli mevalardan SSU.

Sitrusli SSU lar yordamida limon, mandarin, apelsin va greypfrutlardan sok siqib olish mumkin. Bunday uskunalarning narhi nisbatan arzon va konstruksiyasi ham soddaroq bo‘lib, motor, konus shaklidagi nasadka va sokni yig‘adigan idishdan iborat. Sitrusli mevalar uchun SSUning quvvati rusumiga qarab 20-80 vattni tashkil etadi. Bunday SSU qanchalik baquvvat bo‘lsa, sok siqib olish uchun shunchalik kam vaqt talab etiladi. Sitrusli mevalar uchun SSUni tanlashda uning sok yig‘iladigan idishi hajmiga e’tibor bering. Gap shundaki, sitrusli mevalardan siqib olingan sok konservantlarsiz 5-10 minut saqlanadi. Shuning uchun, sitrusli SSUlar 1-2 porsiya sokni siqib olish va shu zahotiyoq ichishga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Idishlarining standart hajmi 0,4-1,2 litrni tashkil etadi. Shuningdek, SSUning sok chiqadigan og‘ziga ham e’tibor bering. U sokni stakanga quyish uchun qulay bo‘lishi lozim.

Sitrusli SSUning quyidagi qo‘shimcha funksiyalariga ham e’tibor bering:

– navbatli aylanish rejimi (revers). Bu rejimda motor nasadkani o‘ng va chapga aylantiradi. Natijada ko‘proq sok siqib olish imkoniyati paydo bo‘ladi.

– sokning quyuqlik darajasini nazorat qilish rejimi. Bu funksiya yordamida sokning quyuqlik darajasini o‘zgartirish mumkin.

– yirik yoki mayda mevalar uchun mo‘ljallangan nasadkalar. Nasadkalarni to‘g‘ri tanlash orqali mevalardan ko‘proq sok siqib olish mumkin.

– sok siqish jarayonida mevalarni ushlab turuvchi richag.

– sokni to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatish tizimi. Bu rejim sokni bevosita bokalga quyish imkonini beradi.

– suyuqlik darajasini aniqlovchi shkala. Buning yordamida kokteyllarni tayyorlash osonlashadi.

Universal SSUlar.

Universal SSUlar yordamida turli meva va sabzavotlardan sok siqib olish mumkin. Biroq, hamma meva va savzavotlardan ham sok siqib olish mumkin ekan degan fikrga bormang. Universal SSUni sotib olishdan avval uning qo‘llanmasida qanday meva va sabzavotlardan sok siqib olishga mo‘ljallanganligi bilan tanishib chiqing. Afsuski, juda kam universal SSUlar danakli mevalarning sokini siqish imkoniyatiga ega.

Universal SSUlar silindr va konus separatorli bo‘ladi. Silindr separatorli SSUlar meva va sabzavotlar hajmining 90% gacha sok olish imkonini beradi. Biroq, bunday SSUlarda kunjarani avtomatik ajratib olib tashlash fuknsiyasi mavjud emas. Agar o‘zingiz uchun 2-3 stakan sok siqib olmoqchi bo‘lsangiz bu muammo emas. Lekin, ko‘p miqdorda sok olmoqchi bo‘lsangiz har 3-4 stakandan keyin apparatni ochib tozalashingizga to‘g‘ri keladi.

Konus separatorli SSUlarda esa kunjarani avtomatik tarzda ajratish va olib tashlash funksiyasi mavjud. Bunday SSUlarni chegaralanmagan muddat tozalamasdan ishlatishingiz mumkin. Biroq, konus separatorli SSUlarda olinadigan sok miqdori birmuncha past bo‘lib, SSUga solingan meva va sabzavot hajmining 70 % ni tashkil etishi mumkin. Bunday SSUlar katta miqdordagi meva va sabzavotlardan sok chiqarishda qo‘l keladi.

Universal SSUlar sitrusli SSUlarga nisbatan ancha baquvvat bo‘lib, rusumiga qarab ularning quvvati 200-1200 vattni tashkil etadi.

Sentrifuganining aylanish tezligi ham muhim ko‘rsatkich hisoblanadi va sokni siqib olish foizini belgilaydi. Hamma SSU ishlab chiqaruvchilar ham bu ko‘rsatkichni qo‘llanmalarida qayd etavermaydi. Shunday ekan, sentrifuganing optimal aylanish tezligi minutiga 8000-10000 oborot ekanligini eslatib o‘tamiz. Tezlikni nazorat qilish orqali turli mevalardan sok olish uchunqo‘llaniladigan optimal tezlikni tanlash mumkin. Tezlikni to‘g‘ri tanlay bilsangiz odatdagidan ko‘ra 5% ko‘proq sok olishga muvaffaq bo‘lasiz. Tezlik qanchalik yuqori bo‘lsa sok shunchalik quyuq va aksincha, tezlik sekin bo‘lsa, sok shunchalik suyuk chiqadi. Sok siqish paytida ba’zi meva va sabzavotlar o‘zidan ko‘pik hosil qiladi. Masalan, olma va uzumdan ko‘proq ko‘pik hosil bo‘lsa, karam va sabzidan kamroq ko‘pik hosil bo‘ladi. SSU idishiga o‘rnatilgan ko‘pikni sizib oluvchi moslama yordamida toza va tiniq sok olish mumkin. Meva va sabzavotlarni siqish vaqtida hosil bo‘lgan chiqindilar alohida konteynerga to‘planadi. BuBu konteyner SSU korpusining tepasi yoki yon tarafiga qotirilgan bo‘ladi. Agar chiqindilar konteyneri yengil yechiladigan bo‘lsa, bunday SSUlarni tozalash ancha oson bo‘ladi.

Sentrifuga setkasi qanday materiallardan tayyorlangan bo‘lishi kerak?
Sifatli SSUlarda odatda zanglamaydigan metall ishlatiladi. Setkadagi teshiklar qanchalik ko‘p bo‘lsa va setka qanchalik yuqa bo‘lsa, chiqayotgan sok shunchalik tiniq va sifatli bo‘ladi. Millilitr ko‘rsatkichlariga ega shaffof idish chiqayotgan sok miqdorini aniqlashga yordam beradi. Turli Turli rusumdagi SSUlarda 0,2 litrdan (bir stakan) to 1,5 litrgacha hajmli idishlar o‘rnatiladi. Ba’zi SSUlar komplektida 3 tagacha idish bo‘ladi. Bunday idishli SSUlar nisbatan yirikroq bo‘ladi. Agar oshxonangizda joy kam bo‘lsa, idishsiz SSUni sotib olsangiz ham bo‘laveradi.

SSUning ishlash vaqti.

Kam quvvatli SSUning uzluksiz ishlash vaqti o‘rtacha 10 minutni tashkil etadi. Keyin apparatni 1 minutga o‘chirib qo‘yish kerak. Baquvvat SSUlarda esa uzluksiz ishlash vaqti o‘rtacha 20 minutni tashkil etadi. So‘ng, qismlarni tozalash uchun qisqa muddatli tanaffus qilish lozim. Eng mukammal Eng mukammal SSUlarning uzluksiz ishlash vaqti chegaralanmagan bo‘ladi. Bunday SSUlar ishlayotganida o‘zini o‘zi tozalash funksiyasiga ega. Konstruksiyasida ventilyatori borligi uchun motor qizib ketishi oldi olinadi.

SSUlarda sok siqish bo‘yicha tavsiyalar;

– SSUga solishdan oldin meva va sabzavotlarni yaxshilab yuving va tozalang;

– olma sokining rangi tiniq chiqishi uchun unga ozroq limon soki solib yuboring;

– meva va sabzavotlar soklarini bir-biriga aralashtirmang;
SSU yordamida go‘zallik va salomatlik uchun foydali bo‘lgan quyidagi kokteyllarni tayyorlashingiz mumkin:

– charchoqni ketkazish uchun apelsin, greypfrut va limonning to‘rtdan biridan kokteyl tayyorlang;

– tonusni ko‘tarish uchun 6 dona sabzi, yarimta lavlagi va uch bog‘ petrushkadan kokteyl tayyorlang;

– tumovda esa apelsin, yarimta limon va chorak stakan mineral suvdan iborat kokteyl yordam beradi;

– immunitetni ko‘tarish uchun bir necha bo‘lak ananas va seldereyning bir nechta novdasidan tayyorlangan kokteyl tayyorlang;

– ko‘zni ravshan qilish uchun esa 6 dona sabzi va karamning to‘rtdan biridan tayyorlangan kokteyl yordam beradi;

– stressni yengish uchun 5-7 ta shpinat bargi va 3 dona sabzidan tayyorlangan kokteyl tayyorlang;

– og‘ir ish kunidan keyin tiklanish uchun lavlagi, sabzi, 2 sm imbir va apelsindan kokteyl tayyorlab iching.

Sattarov Kamolxon‎

Taronani do'stlaringizga Ham Tarqating!
- Joylandi: 05.01.2017 13:22
- Kanal: Xayotiy Maslahatlar!, Ro'zg'or Maktabi!
Izoh Qoldirish!
Ismingiz:
E-Mail:
Ko'd:
Moqina.Net » Bosh Sahifaga » Ro'zg'or Maktabi!ga » Maslahatlarga
waplog <
Lower Reklama!
QAYTISH
BOSH SAHIFA

WEB | Copyright Design by ISLIMBEK
Design version 10.01

waplog spywap.net SAYSTAT.RU