Insult: uning alomatlari va saqlanish yo‘llari

Bugun biror-bir kasallik haqida ozroq bo‘lsa-da ma’lumotga ega bo‘lmaslik, ertaga o‘zingiz bilmagan holda unga yo‘l ochib berish bilan barobar. Shu bois hamma uchun oddiy tuyulgan kasalliklardan xabardor bo‘lish uni bartaraf etish choralarini ko‘rishga turtki bo‘ladi. Ana shunday kasalliklardan biri insulьt bo‘lib, u bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi bilan kechadi. Yanayam anig‘i, bosh miyaga qon quyilishi yoki miya tomirlariga laxta qon tiqilishi oqibatida ro‘y beradigan og‘ir xastalik insulьt deb nomlanadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, insulьtga chalinish bilan bog‘liq o‘lim holatlari yurak xastaliklari tufayli ro‘y beradigan o‘lim holatlaridan kam emas ekan.

Xo‘sh, insulьtning qanday alomatlari bor?

Mutaxassislar, avvalo, qo‘l va oyoqning uvishib qolishiga beparvo bo‘lmaslikka chaqiradi. Chunki qo‘l va oyoqning biri yoki ularning chap yoki o‘ng tomonlarida kuchsizlik sezilishi — insulьt yoki miyaga qon quyilishining ilk belgilaridir. Ba’zan butunlay harakatdan qolish holatlari ham kuzatiladi.

Ikkinchi muhim belgisi esa nutq buzilib, so‘zlash qiyinlashadi, yuzda assimetriya paydo bo‘lib, og‘iz cheti qimirlamaydi, hatto nutq butunlay yo‘qolishi ham mumkin. Eng yomoni, ushbu alomatlar bir paydo bo‘lib, bir yo‘qolib turadi. Odatdagi insulьtda bu belgilar uzoq vaqt saqlanadi. Alomatlar sezilishi bilan darhol shifokorga murojaat qiling.

Insulьtda deyarli hech qanday og‘riq bo‘lmaydi. Yurak ham yoki bosh ham og‘rimaydi, ya’ni kasallik hech qanday belgi bermaydi. Bosh miya tomirlarida patologik jarayonlar bir maromda davom etaveradi. Insulьtni faqat keksayganda yuz beradigan xastalik, deb qarashlar ham o‘zgardi. To‘g‘ri, yosh o‘tgani sayin bu kasallikka chalinish xavfi oshib boradi. Bunga asosiy sabab odam keksaygani sari yurak-qon tomir kasalliklarining ko‘payib borishi, ya’ni miya tomirlari mo‘rtlashib borishi bilan tavsiflanadi.

Ammo keyingi paytda chekish, ichkilik iste’mol qilish, vazn oshib ketishi bilan bog‘liq ravishda yoshlar ham bu xastalikka chalinmoqda. Ayni chog‘da irsiy jihatdan qon quyuqlashishiga moyillik, gripp asorati ham shu xastalikka olib kelishi mumkin. Ayrim hollarda yoshi o‘tgan homilador ayollarda ham insulьtga chalinish kuzatilmoqda. Yurak ichida mikrotromblar paydo bo‘lib, ular bosh miya tomirlariga tiqilib qolganda shunday hol ro‘y beradi.

So‘nggi paytlarda insulьtning “yasharib” borayotgani haqida ma’lumotlar ko‘paymoqda, ya’ni 30-40 yoshga kirganlarda ham insulьt ro‘y bermoqda. Insulьtning 20 foizi hali 50 yoshga kirmaganlarda qayd etilayotgani achinarli hol. Afsuski, ularda insulьtning eng og‘ir turi, ya’ni miyaga qon quyilishi (gemorragik insulьt) ko‘p uchraydi.

Olimlarning fikricha, 2020 yilga kelib yurak-qon tomir kasalliklarining deyarli yarmini insulьtlar tashkil qiladi. Biroq rivojlangan davlatlarda insulьt kamaymoqda. Chunki bu davlatlarda nafaqat sog‘liqni saqlash tashkilotlari, balki aholining o‘zi ham insulьtdan saqlanishga oid barcha talablarga rioya qilmoqda. Shveysariya insulьt eng kam kuzatiladigan davlatlardan biri.

Qonda xolesterin miqdorining oshib ketishi, ichish va chekish, gipodinamiya (ya’ni kamharakatchanlik), stress (ya’ni ruhiy zo‘riqishlar), ateroskleroz, arterial gipertoniya, qandli diabet, yurak aritmiyasi insulьtga olib keluvchi omillar hisoblanadi.

Arterial gipertoniya, ya’ni qon bosimning oshib ketishi insulьtga olib keluvchi eng xatarli omillardan biri. 70 foiz holatda arterial gipertoniya insulьtga sabab bo‘ladi.

Aterosklerozda qonda xolesterin miqdori oshadi, tomir devorlari mo‘rtlashadi, tomirlarda chandiqlar paydo bo‘ladi va ular tiqilib qolib insulьtga olib keladi. Ateroskleroz yosh o‘tishi bilan bog‘liq. Shuning uchun ham yosh oshgani sayin insulьtga chalinganlar soni oshib boradi. Aksariyat odamlar ateroskleroz faqat qon bosimi baland bo‘lganlarda uchraydi, deb o‘ylaydi. Bu noto‘g‘ri. Garchi gipertoniya kasalligi ateroskleroz rivojlanishini tezlashtirsa-da, biroq qon bosimi past bo‘lganlarda ham ateroskleroz rivojlanadi. Yog‘li ovqatlarni ko‘p, meva-sabzavotlarni esa kam ist’yemol qilish, kamharakatchanlik, doimiy ruhiy-hissiy zo‘riqishlar aterosklerozning yuzaga kelishiga asos bo‘ladi.

Zararli odatlardan biri chyekish ham insulьt rivojlanishini ikki barobarga oshiradi. Chekish qon ivishini kuchaytirib tromblar (qotib qolgan qon laxtalari) hosil bo‘lishini tezlashtiradi va tomirning ichki devorini zararlaydi, tomir torayib unda qon oqishi sustlashib boraveradi. Doimiy chekish xattoki yirik qon tomirlarni ham zararlaydi. Chekishni tashlagandan so‘ng 2-4 yil o‘tgach, insulьt va infarkt rivojlanishi xavfi keskin kamayadi.

Inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi illatlardan biri spirtli ichimliklarni iste’mol qilish ham insulьt rivojlanish xavfini bir necha barobarga oshirishi amaliyotda o‘z isbotini topgan. Ularda, ayniqsa, gemorragik insulьt (ya’ni miyaga qon quyilishi) ko‘p uchraydi.

Bugun hamma go‘yoki qaygadir shoshayotgandek, vaqti tig‘izdek yelib-yuguradi. Shuning uchun eng muhimhayotiy omil bo‘lgan ovqatlanishga ham tuzuk e’tibor bermaydi. Ratsional ovqatlanish qoidalariga rioyaqilmaslik,sodda qilib aytganda, noto‘g‘ri ovqatlanish esa insulьtga olib keluvchi xatarli omillar sirasiga kiradi.

Gipodinamiya kam harakatlilik bo‘lib, u bugungi zamondoshlarimizning deyarli barchasiga xos xususiyat, desak xato bo‘lmaydi. Chunki hozirgi paytda faol xatti-harakat orqali bajariladigan ko‘pgina vazifalar qo‘l telefoni, internet va kompьyuterlar yordamida amalga oshirilmoqda. Beminnat dastyor bo‘lgan bu texnika vositalari odamlarni dangasa bo‘lishiga ham “hissa” qo‘shmoqda. Natijada yurak-qon tomir kasalliklari, shu jumladan, insulьt ko‘paymoqda.

Kundalik turmushda duch kelinadigan turli stress (ya’ni ruhiy zarba)lar, qattiq siqilish har qanday kasalliklarning rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Doimiy siqiladigan odamda gipertoniya, qandli diabet, yurak ishemik kasalliklari ko‘p kuzatiladi. Ularning barchasi esa insulьtga olib keluvchi kasalliklardir.

Endi insulьtning oldini olish hamda bartaraf etish usullari haqida qisqacha. Eng avvalo, insulьtga chalinmaslik uchun shifokor tavsiya etgan dorilarni qabul qilish lozim. Ayni paytda shunday dorilar borki, ular insulьtga chalinish xavfini 35 foizga, bosh miya ichiga qon quyulishini esa 60 foizga kamaytiradi. Hamma narsada me’yor bo‘lgani kabi, dorilarni qabul qilishda ham ehtiyot bo‘ling. Dorilar yordamida qon bosimini birdaniga tushirib yuborish ham xavfli. Buning natijasida qon aylanishi buzilishi mumkin. Shu bois har qanday dorini shifokor bilan maslahatlashgan holda qabul qiling. Qon bosimini tushirish uchun uyqudan oldin dori ichib yotish yaxshi emas. Uyqu vaqtida qon bosimi o‘z-o‘zidan pasayadi. Ustiga ustak dori ichib bosimni pasaytirish esa sog‘liqni jiddiy xavf ostiga qo‘yish bilan barobar.

Qon tomirlari elastikligining yo‘qolishi va miyaga qon quyilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun, avvalo, taom va salatlarga tuzni kamroq soling. Unutmang, tuz qon bosimini ko‘taradi. Marinadlangan, konservalangan va achitilgan mahsulotlar, shuningdek, kolbasalarda tuz juda ko‘p bo‘ladi. Osh tuzini ortiqcha iste’mol qilish arterial gipertoniya rivojlanishiga turtki bo‘lsa, kam miqdorda iste’mol qilish esa nafaqat qon bosimini me’yorda ushlab turadi, balki insulьt rivojlanishining oldini oladi. Ziravorlar taomning organizmga so‘rilishini kuchaytiradi. Ulardan voz kechish orqali nafaqat semirishning, balki insulьtning ham oldi olinadi.

Meva-sabzavotni yetarli miqdorda iste’mol qilish insulьtga chalinish xavfini kamaytiradi. Chunki ular qon bosimini 5 mm. ustunga qadar tushiradi. Hatto qon bosimining atigi 2 mm. ustun tushishi ham insulьtga chalinish xavfini 10 foizga kamaytiradi. Kuniga besh miqdor (besh porsiya) sabzavot-meva iste’mol qilish mo‘’tadil me’yor hisoblanadi. Bir miqdor — bir stakan yangi chiqarilgan sharbat, o‘rtacha kattalikdagi sabzavot yoki meva, bir kosacha yangi archilgan sabzavot, yarim kosa bug‘da yoki qaynatib pishirilgan sabzavotdan iborat.

Taomlar tarkibida baliqning ko‘proq bo‘lishi ayni muddao. Haftada ikki marta tuzlanmagan, yog‘siz baliq iste’mol qiling. Baliq go‘shti yurak mushaklarida moddalar almashinuvini yaxshilab, qonda xolesterin miqdorining pasayishiga yordam beradi.

Tarkibi kaliyga boy bo‘lgan quruq mevalar esa tomir devorini shikastlanishdan asraydi, xolesterinning tomir devorlarida to‘planishini pasaytiradi, tromblar paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi.

Doimo bajariladigan jismoniy mashqlar ertalab va kechqurun yarim soat, bir soat piyoda yurish, yugurish, suzish, velosipedda sayr qilish insulьtning yo‘lini to‘sadi. Eng muhimi, faol harakatda bo‘ling, jismoniy mehnatni kanda qilmang.

Aslida insulьtga chalinmaslik choralarini ko‘rish har bir kishining o‘z qo‘lida. Faqat sog‘liqning qadriga yetib, kelajagingizga befarq bo‘lmasangiz kifoya.

Do'stlaringizga Ham Tarqating!
368 YOQDI 4 YOQMADI
- Joylandi: 05.09.2016 20:37
- Kanal: Salomatlik va Tibbiyot
Izoh Qoldirish!
Ismingiz:
E-Mail:
Ko'd:
waplog <
Lower Reklama!
QAYTISH
BOSH SAHIFA

WEB | Copyright Design by ISLIMBEK
Design version 9.3

waplog spywap.net SAYSTAT.RU