Moqina.Net
SAYT MENUSI!
QO'SHIMCHA MENU!
REKLAMA!
TAFIYADAGI RASMLAR!
Ezmalik sindromi

Siz umringiz mobaynida ezma kishilarga duch kelganmisiz? Agar bundaylar uchramagan bo‘lsa, do‘ppingizni osmonga oting. Sababi, vaysaqilar shunchaki vaqtingizni oladi, xolos. Ularning gap-so‘zlarida ma’no-mazmun bo‘lmaydi. Ezma kishilarga o‘zlarini tinglaydigan quloqlar kerak, vassalom. Darhol gapga tushib, «nuqta» ha­qida tamomila unutib yuborishadi, unutib yuborishadi emas, nuqta qo‘­yishni xohlashmaydi. Vaysaqilik millat tanlamaydi, bundaylar hamma xalqlarda bor.

So‘zlashdan to‘xtay olmaydigan kishilar boshqalar bilan risoladagidek muomala qilishni bilmaydilar. Ularning sergapligi avvaliga fusunkor tuyulsa-da, bir, uzog‘i bilan ikki soatdan so‘ng suhbatdoshni toliqtira boshlaydi. Sira yopilmaydigan og‘izdan kundalik oddiy yumushlar, masalan, idish-tovoq yuvishga doir ortiqcha va poyma-poy chiqadigan so‘zlar har qanday kishini bezori jon qilib yuboradi. Qizig‘i, ezma odamni qarshisidagi kishining eshitish uchun vaqti bormi-yo‘qmi, mutlaqo qiziqtirmaydi.

Bu insonlarni faqat o‘zlari qiziqtirib, atrofdagilarga qanday taassurot qoldirishi mum­kinligi haqida o‘ylashmaydi. Ular savol berib, kimdir og‘iz juft­lagunga qadar o‘zlari javob berishadi. Jim qilish mumkin emas, go‘yo ich­larida hech qachon o‘chmaydigan abadiy dvigatelь ishlayotgandek.

Sergap kishilar o‘zlarini ruhlantirish yoki ovuntirish uchun gapiradilar. Safsata ularni muammo va ko‘ngilsizliklardan chalg‘itadi. Bu insonlar o‘z ovozlarini yaxshi ko‘rib, ovozlari jarangini eshitganda qoniqish oladilar.

Ezmalarni telefondan ajratish juda mushkul. Shu qadar gapga kirishib ketishadiki, qo‘pol gapirib yoki go‘shakni qo‘yibgina ulardan qutilish mumkin.

Vaysaqilarni jim qilishning birdan-bir yo‘li baland va salobat bilan tinchlikni saqlashga chaqirishdir. O‘shanda ham yarim soatcha jim o‘tirishlari mumkin, chunki o‘zlarini nazorat qila olishmaydi. Ular yana vaysashlari kerak, boshqalarning keskin ogohlantirishlari xuddi qiziqtirmaydigandek, sababi, gap bilan nihoyatda band bo‘lishadi. Mabodo xafa bo‘lishsa, ozgina nafas rostlab, yana ezmalikka o‘tadilar. Ular gapiraverib, har qanday odamning tinkasini quritishga qodir.

Aksariyat ezma kishilar bolalikdan psixik to‘g‘ri o‘smay, bu ularning balog‘at davrida sergap bo‘lishlariga olib keladi. Mazkur odat nutq o‘sishi davrida, ya’ni bolaning uch yarim, to‘rt oyligida, u ko‘pchilik ichidami yoki yakka o‘zi qolgandami, doimiy ravishda bidirlashi bilan namoyon bo‘ladi. Bu davrda go‘dak, unga javob berishsa-berishmasa, muntazam ravishda «nima uchun?» degan savolni beraveradi. U diqqatni jalb etish uchun emas, balki o‘zini eshitishni yaxshi ko‘rgani va til o‘r­gan­ga­nini namoyish etish uchun shunday qiladi.

Voyaga yetgach, ruhiy jihatdan o‘sha darajada qolib, to‘rt yashar bolaga xos odatni shakllantiradi. Bunday insonlarning doimiy vaysashlari yolg‘izlikda qolish va tashlab ketilishga doir qo‘rquvga qarshi ruhiy himoya vositasidir. Mazkur insonlar hamma vaqt kim bilandir birga bo‘lishlari darkor, sababi, ular tinglovchiga judayam muhtoj. Mabodo yonlarida hech kim bo‘lmasa, o‘z-o‘zlari bilan gaplashib ketaveradilar va bunda sira hayron qolarli jihatni ko‘rmaydilar.

Psixoterapevtlar aniqlashiga ko‘ra, katta yoshdagi vaysaqilarni bolaligida ko‘pincha yolg‘iz tashlab ketishgan. Bu kishilar kichkinaligida yo ota-onasi kelguncha uyda soatlab yakka o‘zi o‘tirgan yoki ular tomonidan tashlab ketilgan, tengdoshlari nazar-pisand qilmagan. Shu sababli munosabat, aloqa o‘rnini to‘ldirish uchun to‘xtovsiz gapirishgan. Yon-atrofdagilarning e’tiborini tortish vositasi sifatida ham vaysaqilikni shakllantirishgan.

Ayrim holatlarda ortiqcha gapirib yuborish psixik, nevrologik va irsiy mutanosiblik buzilish alomatlari deb ham hisoblangan. Shu bois ba’zi vaysaqilarning salomatligida jiddiy muammolar kuzatiladi.

Do'stlaringizga Ham Tarqating!
- Joylandi: 14.06.2016 22:11
- Kanal: Salomatlik va Tibbiyot
Izoh Qoldirish!
Имя *:
Email *:
Код *:

waplog
waplog