Diabet belgilari: Komaga tushmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

So‘nggi 25 yil ichida diabet bilan kasallanuvchi katta yoshlilar soni to‘rt barobar (!) oshdi. Dunyoda 400 milliondan ziyod diabetga chalingan kishilar bor. Bu haqda Kun.uz yozmoqda.

Diabet nima va u qanday bo‘ladi?

Diabet — moddalar almashinuvi, aniqrog‘i insulin bilan bog‘liq surunkali kasallik. Insulin — uglevod almashinuvi va oziq-ovqatdan glyukozaning qanday singishiga ta’sir ko‘rsatuvchi gormon. Usiz glyukoza organizm hujayralariga tushmaydi, qonda qolib ketadi hamda asab to‘qimalari va organlar faoliyatini buza boshlaydi.

Diabet har xil bo‘ladi:

1.  I turdagi diabet, insulinga ehtiyoj sezuvchi. U organizmda insulin ishlab chiqilmaganda rivojlanadi. Gormon yetishmaydi, shuning uchun uni tashqaridan yuborish kerak. Diabetning bunday turi ko‘pincha bolalar va o‘smirlarda aniqlanadi. Kasallikka nima sabab bo‘lishini hech kim aniq ayta olmaydi.

2. II turdagi diabet, insulinga ehtiyoj sezmaydigan. Bunda insulin ishlab chiqiladi, lekin organizm undan foydalana olmaydi. Bu diabetning eng keng tarqalgan turi bo‘lib, asosan hayot tarziga bog‘liq.

3.  Gestatsion diabet. Homilador ayollarda namoyon bo‘ladi.

Qandli diabet belgilari

Diabet belgilari uning turiga qarab farqlanadi. Umumiy shikoyatlar:

1.    Doimiy chanqoqlik, kuniga uch litrdan ko‘p suyuqlik ichiladi.

2.    Hojatxonaga tez-tez ehtiyoj seziladi, ayniqsa tunda.

3.    Ishtaha ochiladi, lekin vazn kamayadi (erta bosqichlarda).

4.    Teri qichishadi.

5.    Yaralar sekin bitadi.

6.    Doim charchoq seziladi, xotira sustlashadi.

7.    Barmoqlar sezuvchanlikni yo‘qota boshlaydi.

Birinchi turdagi diabetda og‘izdan atseton hidi keladi, teri dag‘allashadi. Bunday diabet keskin paydo bo‘lishi mumkin, unda bosh og‘rig‘i, qayd qilish kuzatiladi va hatto komaga tushish ehtimoli bor, ayniqsa kasallikning erta belgilari vaqtida aniqlanmagan bo‘lsa.

Ikkinchi turdagi diabet ko‘pichna boshqa murakkabliklar – potensiya bilan bog‘liq muammolar, ko‘rish qobiliyatining yomonlashuvi, buyrak kasalligi, yurak xurujiga olib kelgunga qadar sezilmaydi.

Kimlar diabetga chalinishi mumkin?

Organizmda uglevodlar almashinuvi buzilmagunga qadar insonning birinchi turdagi diabet bilan kasallanganini bilib bo‘lmaydi. Kasallikning birinchi belgilari: charchoq, loxaslik, ko‘p terlash, tahlillardagi o‘zgarishlar.

Ikkinchi turdagi diabetga ko‘pincha ortiqcha vaznga ega kishilar chalinadi, bunday insonlar odatda kamharakat bo‘ladi. Shunday ekan, undan qisman sug‘urtalanish mumkin: to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy mashqlar.

Har qanday turdagi diabet bilan kasallanish xavfini oshiruvchi omillar:

1.  Nasliy moyillik. Agar qarindosh-urug‘lar orasida bu kasallikka chalingan kishilar bo‘lgan bo‘lsa, diabet bilan kasallanish ehtimoli oshadi.

2.  Oshqozon osti bezi kasalliklari. Insulin aynan shu yerda ishlab chiqiladi. Agar organda muammolar bo‘lsa, u holda gormonlarda ham muammolar bo‘lishi mumkin.

3.  Endokrin tizimi kasalliklari. Diabet — gormonal buzilish. Agar bunday kasalliklarga moyillik bo‘lsa, u holda diabet xavfi mavjud bo‘ladi.

4.  Virus infeksiyalar. Suvchechak, qizilcha, parotit va hatto gripp diabetni qo‘zg‘atuvchi mexanizmlar bo‘lishi mumkin.

Qanday tekshirish va himoyalanish mumkin?

Shubhali belgilarda shifokor-endokrinologga borish va kerakli tahlillarni topshirish. Och qoringa barmoqdan qon olish (qandli diabetga), glyukoza uchun peshob tahlili, qondagi insulin,  S-peptid va glikozil gemoglabin darajasini aniqlash. Qandli diabet belgilarini aniqlash uchun shu tekshiruvlar yetarli.

Agar diabetning aniq belgilari bo‘lmasa, lekin siz xavf guruhida bo‘lsangiz, yilda bir marta qandli diabetga qon topshiring. Sog‘lom odamlar esa bunday tekshiruvdan uch yilda bir o‘tishlari kerak.

Xavf guruhiga tushmaslik uchun nima qilish lozim?

1.   O‘rtacha vaznni ushlab turish.

2.   Hech bo‘lmaganda kunda yarim soat jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish.

3.   Qand va to‘yingan yog‘larni kamroq iste’mol qilish.

4.   Chekmaslik.

Do'stlaringizga Ham Tarqating!
195 YOQDI 3 YOQMADI
- Joylandi: 12.02.2017 23:50
- Kanal: Salomatlik va Tibbiyot
Izoh Qoldirish!
Ismingiz:
E-Mail:
Ko'd:
waplog <
Lower Reklama!
QAYTISH
BOSH SAHIFA

WEB | Copyright Design by ISLIMBEK
Design version 9.3

waplog spywap.net SAYSTAT.RU