Yangi yildan dori-darmon vositalarining narxlari cheklab qo‘yiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Mamlakatimiz rahbariyati farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, aholi va davolash muassasalarini sifatli, samarasi yuqori va xavfsiz dori-darmon vositalari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekistonda tashkil etilgan farmatsevtika sanoati muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda va jadal rivojlanmoqda. Xususan, mamlakatimizdagi 132 farmatsevtika korxonasi tomonidan 2 ming turdan ortiq dori-darmon vositalari ishlab chiqarilmoqda.

Dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlaridan foydalanish bo‘yicha xalqaro normalar va rivojlangan davlatlar qonunchiligiga moslashtirilgan qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda.

Xalqaro sifat standartlarining joriy etilishi samarasida mamlakatimiz farmatsevtika korxonalarining eksport salohiyati oshdi. Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan ayrim dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari dunyoning 20 dan ortiq davlati, jumladan, MDH, Yevropa ittifoqi mamlakatlari va AQShga eksport qilinmoqda.

2016-2020 yillarda respublika farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq yangi farmatsevtika korxonalarini tashkil etish va faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni modernizatsiya qilishga doir umumiy qiymati 223,9 million AQSh dollariga teng 67 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bu aholi va tibbiyot muassasalarida ehtiyoj yuqori bo‘lgan import o‘rnini bosadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni 2,5 barobar oshirish imkonini beradi.

O‘zbekistonda dorixona muassasalari tarmog‘i keng rivojlangan. Ayni paytda mamlakatimiz hududida 8472 xususiy dorixona va ularning filiallari, shuningdek, “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi tizimiga kiruvchi 1437 dorixona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 70 va 114 tasi olis qishloqlar aholisini dori-darmonlar bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan ijtimoiy va sayyor dorixonalardir.

Shu bilan birga, sohaning bugungi holati tahlil qilinishi natijasida zudlik bilan hal etishni talab qiladigan ayrim muammolar mavjudligi aniqlandi.

Avvalambor, ichki bozorni mamlakatimizda ishlab chiqarilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan to‘liq ta’minlash uchun respublika farmatsevtika sanoatini yanada samarali rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish zarur.
Mahalliy xomashyo, jumladan, dorivor o‘tlar asosida dori-darmon vositalari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobidan farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirishni kengaytirish va chuqurlashtirish, shuningdek, ularni tibbiyot amaliyotiga joriy qilish dolzarb masala hisoblanadi.

Farmatsevtika korxonalarining dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish uchun xorijiy xomashyo hamda materiallarga bog‘liqlik darajasi yuqoriligicha qolayotgani bu boradagi jiddiy muammodir. Mamlakatimiz korxonalarida ayrim farmakoterapevtik guruhlardagi dori-darmon vositalari, ya’ni onkologik, endokrinologik, maxsus preparatlar va psixotrop vositalar ishlab chiqarilmaydi.

Dorixona muassasalari tarmog‘ini yanada optimallashtirish masalasini hal etish zarur. Dori-darmon vositalari narxlarining asossiz oshirilayotgani, shuningdek, bir xil dori vositalarining narxlarida katta farq borligi kuzatilmoqda. Bu dorixonalarda dori-darmon vositalariga narx belgilash tizimini takomillashtirish va ular faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirishga doir shoshilinch choralar ko‘rish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida 2017 yilning 1 yanvaridan chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, tibbiyotda keng qo‘llaniladigan 167 nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va 22 turdagi tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar belgilanmoqda. Bu narxlar davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni tizimli asosda nazorat qilish bo‘yicha tashkil etiladigan Respublika komissiyasi tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun jahon narxlari kon’yunkturasini tahlil qilish asosida o‘rnatilgan tartibda har chorakda belgilanadi.

Mazkur komissiya zimmasiga, shuningdek:

mamlakatimiz farmatsevtika bozorining, jumladan, respublikamizda ishlab chiqarilayotgan asosiy dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanganlik darajasini tizimli ravishda tahlil etish va o‘tkazilgan tahlil asosida dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari turlarini diversifikatsiya qilish, mamlakatimiz bozorini yetarli darajada to‘ldirishga doir takliflar ishlab chiqish, aholini dori-darmonlar bilan ta’minlashga mas’ul davlat organlari faoliyatini takomillashtirish;

narxlarini belgilash bo‘yicha alohida tartib o‘rnatiladigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ro‘yxatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, tashxis qo‘yish va davolash standartlariga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilgan taqdirda qarorlar qabul qilish;

ro‘yxatga kiritilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari narxlariga rioya etilishini nazorat qilish tadbirlarining amalga oshirilishini monitoring qilish va boshqa muhim vazifalar yuklatilgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan kvotalar bo‘yicha mamlakatimizda tegishli faoliyat bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega ulgurji va ulgurji-chakana kompaniyalar o‘rtasida tender o‘tkazish asosida chetdan xarid qilinadi. Bunday tenderlarni o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi zimmasiga yuklangan.

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar tomonidan narxlarni davlat tomonidan belgilangan tartibga rioya etilishini bevosita nazorat qiladi.

Mazkur qarorda dori-darmon vositalarini to‘g‘ri tavsiya etish, tashxis qo‘yish, davolash hamda klinik protokollar standartlarini barcha tibbiyot muassasalariga, jumladan, foydalanish uchun ochiq bo‘lgan axborot tizimlari orqali yetkazish, ularga rioya etilishini qat’iy nazorat qilish maqsadida xalqaro amaliyotga muvofiq asosiy kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va klinik protokollar standartlarini takomillashtirishga doir vazifalar belgilangan.

Qarorda eng muhim dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining barcha dorixonalar uchun majburiy yangilangan minimal ro‘yxati, shifokor retseptisiz beriladigan dori-darmon vositalari ro‘yxatini tasdiqlash;

yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi qo‘pol buzilganligi uchun litsenziyani bekor qilish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qabul qilingan ushbu qarorining hayotga tatbiq etilishi ichki bozorni arzon va sifatli dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan yanada to‘liq ta’minlash, narx belgilash bo‘yicha ochiq-oshkora mexanizmni joriy etish, mamlakatimizda arzon va sifatli preparatlar bo‘lishiga qaramasdan, tashxis qo‘yish va davolash standartlarida ko‘zda tutilmagan hamda asosan qimmat import dori vositalarini tavsiya etish bo‘yicha nomaqbul amaliyotning oldini olish va kelgusida bunday hollarga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.

Mazkur barcha chora-tadbirlar, birinchi navbatda, aholini sifatli va arzon dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga, aholining salomatligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Do'stlaringizga Ham Tarqating!
- Joylandi: 04.11.2016 18:41
- Kanal: Kun Yangiliklari!
Izoh Qoldirish!
Siz hali ro'yhatdan o'tmadingiz shu sababdan izoh qoldirolmaysiz, iltimos besh daqiqa vaqtingizni ayamay ro'yhatdan o'ting!
waplogspywap.net
waplog