Yigirma Birinchi Bahor

Добавлено: 01 Марта 2018

Daraxtlar qaytadan uyg’onib bo’ldi, 
Bu yildan qushlarning umidi katta. 
Bugun manov nihol to’rt yoshga to’ldi, 
Gullash yarashadi unga, albatta. 

Ko’karish payida turibdi xaslar, 
Kurtaklar hayotga bo’y cho’zayotir. 
Toshlar bag’rida ham bahoriy hislar, 
Barchasi mo’jiza, mo’jiza, axir... 

Qara, shundoqqina yoningda bahor, 
Osmon gullab bo’ldi, gulladi Zamin. 
Hozir yuragingda qorga nima bor, 
Sen qachon gullaysan, Behzod Fazliddin?! 

Behzod Fazliddin



Оставить комментарий
Email:
Код:
НАЗАД
ГЛАВНАЯ