Yasharman

Добавлено: 01 Марта 2018

Tez kelgan g’am ketgaymi sekin, 
Armon — yaqin, orzular — uzoq. 
Shodlik — qimmat, azoblar — tekin, 
Gunoh tinmay qo’yadi tuzoq. 

Past balandga kelmas muvofiq, 
Inkor etar kecha kunduzni. 
Kim Osmonga, kim Yerga oshiq, 
Nega hamma suymas Yolg’izni? 

Qorni ochning, balki, ko’ngli to’q, 
Hayot — qisqa, buncha uzun yo’l? 
Garchi bugun ko’zlarim quruq, 
Yuragimning ko’ylaklari ho’l. 

Uyg’onaman, nafsim uxlasa, 
Men yig’layman, dunyo kuladi. 
Qarshilar ko’p, Xudo xohlasa, 
Antonimim O‘lim bo’ladi.

Behzod Fazliddin



Оставить комментарий
Email:
Код:
НАЗАД
ГЛАВНАЯ