Yaxshi bo‘ldi, sendan ayrildim...

Добавлено: 01 Декабря 2020 Источник: tafakkur.net

Yaxshi bo‘ldi, sendan ayrildim,
Ketmog‘im chun topib berding yo‘l.
Bu dunyoda seni topdim deb,
Yo‘qotibman o‘zimni butkul.

Yaxshi bo‘ldi, yechildi bugun,
Oyog‘imdan bu zanjir, bu g‘ul.
Ikki dunyo seni shohim deb,
Qul qilibman, o‘zimni butkul.

Yaxshi bo‘ldi, yomon bo‘lsa ham,
Yuragimni ezsa ham darding.
Men aqlini topgan telbaday,
Poylaringdan boshim ko‘tardim.

Kechir, ozor berib mehrim-la,
Zeriktirdim, men sodda, men go‘l.
Bu dunyoda seni borsan deb,
Boshqalardan kechibman butkul.

Xudoyimning jazosi qutlug‘,
Sendan ketdim, ey qahrli gul.
Shukr, shukr seni yod etib,
Unutmabman Xudoni butkul.

Shuning chun ham omon bo‘l endi,
Men bariga silkib qo‘ydim, qo‘l.
Angladimki, seni yo‘qotsam,
Xudoyimni topaman butkul.

Endi xayr, endi alvido!
Bari ro‘yo, bari sarob, kul.
Dargohingga sig‘maganimday,
Yuragimga sig‘massan butkul.

Men mehrmand, telba go‘dakday,
Ko‘z yoshimga yomon toyrildim.
Yaxshi edi... seni topganim,
Yaxshi bo‘ldi... Sendan ayrildim.

G. Otaboeva

Izoh Qoldirish
Email:
Код:
НАЗАД
ГЛАВНАЯ