Показать меню
19 yoshda turmush qurishga ham, ajrashishga ham ulgurdi



O'zbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan «Chimildiq» filmi yoxud shu asar spektakli ko'pchilikning qalbidan joy olgan. O'shanda yosh kelin momosiga: «O'qimoqchiydim, shoira bo'lmoqchiydim…», deb yozg'iradi, yig'laydi.

Alam bilan aytilgan bu so'zlarda kattalarning qaroriga norozilik, o'z maqsadini ularga uqtira olmagani aks etgan.

Rivojlanib borayotgan, yoshlarga keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilayotgan, erta turmushning salbiy oqibatlari haqida tushuntirish-targ'ibot ishlari muntazam olib borilayotgan bugungi kunda ham bu kabi illatlar namoyon bo'lib turibdi.

«19 yoshdaman. Shu yoshda turmush qurib, ajrashishga ham ulgurdim. O'qituvchi bo'lishni istaganman. Maktabni a'lo baholar bilan bitirgach, ota-onam o'zim xohlagan kollejda o'qishimga ruxsat bermadi. Onam turli bahonalar qilib, darslarga yubormas, kitob-daftarlarni ham dugonalarimdan olardim. Ikki singlim va bitta ukam bo'y cho'zib kelayotganini bahona qilishardi. O'qishning turgan-bitgani xarajat ekanini takrorlashdan charchamasdilar. Aslida esa qizlarni uzatish masalasi o'rtaga chiqqanda qo'sha-qo'sha mebellar, sarpolar qilish haqida o'ylashardi. Meni unashtirishdi. Sarpo-surug'i joyida bo'lgan “o'ziga to'q kelinning” to'yi haqida yetti mahalla eshitdi. Ammo hech kim mening orzularim, o'y-xayollarim, yoshim bilan qiziqmadi.

Kuyov ham mendan atigi ikki yosh katta edi. Biz olti oy birga yashadik. Bunga mening oilaga tayyor emasligim, g'o'rligim, tajribasizligim sabab, deb bilaman. Ammo turmush o'rtog'imning qat'iyatsizligi, oila boshi bo'lish, uni tebratish, murosa qilishni bilmasligi ham turmushimiz buzilishiga olib keldi. Biz ikkimiz ham turmushning “musht”lariga hali tayyor emasligimiz, kattalarning esa ko'zi boylikni ko'rib, faqat pul haqidagi gaplarni eshitgani taqdirimizga salbiy ta'sir ko'rsatdi».

Bu surxondaryolik Laylo A'zamxo'jayevaning kattalarning shoshqaloqlik bilan qilgan xatosi, o'zining esa yoshlik qilganidan pushaymoni.

U hozirda otasining savdo ob'yektida sotuvchilik qilmoqda. Agar kattalar farzandlarining orzu-istaklari, o'y-xayollari bilan ozgina qiziqishganida, faqat o'zim haqman, degan shoshqaloq va xato fikrdan yiroq bo'lganida edi bugun ikki inson hayoti bu qadar murakkablashmagan bo'lardi. Ular alamzadalik, hayotdan norozilik kayfiyati o'rniga shodon va baxtiyor oila qurish imkoniyatiga ega bo'lishi mumkin edi.

Ota-ona farzandining kamolini ko'rish, ularning baxtu saodatiga sherik bo'lish uchun tunu kun mehnat qiladi, yelib-yuguradi. Afsuski, oramizda faqat o'z so'zini to'g'ri, xatti-harakatlarini esa oqilona va odilona deb o'ylaydigan kattalarimiz ham bor. Bunday fe'l-atvorga ega oila boshilari esa o'z farzandlarining baxtsizligi, ko'ngli o'ksik bo'lishiga sababchi bo'lmoqda.

O'qimishli, hunarli, mustaqil fikrga ega, oilasida baxtli tengdoshlarini ko'rib, Laylo kabi qizlarning ko'ngli buzilmaydimi? Noto'g'ri qaror asosida oila qurgan, ammo uni saqlab qolishga ham sabr-qanoat, kuch, imkoniyat topa olmagan shunday yigit-qizlarning kelajagi nima bo'ladi? Ularning hammasi ham o'z yo'lini topib keta oladimi?

– O'g'limni 18 yoshida o'zi istagan qizga uylantirdik, – deydi Mirobod tumanida yashovchi Sayyora Ergashova. – Kelinim ikkisi tengdosh. Aqlli, esli-hushli, chaqqongina. Ammo u birinchi homilasidan ajralgach tushkunlikka tushib qoldi. O'zini qo'lga olishi qiyin kechdi. O'g'lim bilan tez-tez tortishar, jahli chiqqanida o'z joniga qasd qilish darajasigacha borardi. Bir o'limdan qoldi. Boshida men ham bu jiddiy ekanini anglamabman. Ammo ketma-ket uch homilasidan ayrildi. So'ng ruhshunos va shifokorlar yordami bilan sog'lom hayotga qaytdi. Shundagina bu yosh turmush qurgani bilan bog'liq ekanini, o'zini erkin, mustaqil tuta olmagan yosh kelinimni oilamizga moslashishi qiyin bo'lganini bildim.

Mutaxassislarning fikricha, erta turmush qurish va yaqin qarindoshlar o'rtasidagi nikohdan nogiron farzandlar tug'ilishi, bepushtlik kabi noxush oqibatlar ko'p hollarda muqaddas oila qo'rg'onining buzilishiga olib keladi. Oila qurish, turmush aravasini tortishga tayyor bo'lmagan ikki yosh sog'lom farzandlarni ham dunyoga keltira olmaydi, oilaning baxtiyor va mustahkam bo'lishi ham gumon.

Skrining tekshiruvlari natijalari shuni ko'rsatmoqdaki, bolalardagi turli xil anomaliyalar, ayniqsa, asab tizimi va genetik nuqsonlar aynan qarindoshlar o'rtasidagi nikoh tufayli yuzaga kelmoqda. Bugungi davrda ko'pchilik erta turmush, qarindoshlar o'rtasidagi nikohning salbiy oqibatlarini biladi. Ammo bu menga tegishli emas, degan xato fikrni olg'a suradi. Natijada nosog'lom farzandlar dunyoga keladi, oilalar o'rtasida sovuqchilik paydo bo'ladi, yosh kelin-kuyov ruhiy tushkunlikka tushadi. Oilalar barbod bo'ladi.

Qizlar, avvalo, bo'lg'usi ona, nasl davomchilari. Shubhasiz, qiz bola sog'lom, bilimli, zamonaviy kasb-hunar egasi bo'lsa, u quradigan oila ham, bu oilaning mevasi bo'lmish bola ham sog'lom va baxtli bo'ladi. Oila sog'lom va baxtli bo'lsa, butun jamiyat barqaror va farovon rivojlanadi. Shunday ekan qizlarni kasb-korli qilish, ularni hayotning achchiq-chuchugiga tayyorlash, mas'uliyat borasida yigitlarni ham to'g'ri yo'lga boshlashni bugungi davrning o'zi talab etmoqda.

– Yurtimizdagi barcha oliy ta'lim muassasalarida hududiy xotin-qizlar qo'mitalari bilan hamkorlikda «Qizlarjon» klubi va «Yosh oila maktablari» faoliyat olib boradi, – deydi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi «Ma'naviyat va ma'rifat» markazi mutaxassisi Shahlo Ahrorova. – Klub va maktab tomonidan tashkil etiladigan targ'ibot-tashviqot tadbirlarida malakali professor-o'qituvchilar bilan birga “tengdosh-tengdoshga” loyihasi doirasida tashabbuskor, bilimli, muvaffaqiyatlarga erishayotgan qizlar ham faol ishtirok etadi. Bu tadbirlar samarani bermoqda. Ammo ta'limning quyi bo'g'inlaridayoq ayni jihatlarga e'tibor qaratish lozim. Oliy ta'lim tizimi davrida yigit-qizlarni xulqiy nazorat qilish mumkindir, ammo maktabning yuqori sinfida, kollej va litsey davrida erta nikoh masalalariga jiddiy yondashish muhim, deb o'ylayman.

Bugungi kunda farzandning kelajagi uchun endi faqat ota-onaning o'zigina emas, balki ta'lim muassasasi, mahalla, kerak bo'lsa butun jamiyat javobgardir.

Kattalar bugun “farzandim turmush qurishga tayyormi?” deb, yoshlar esa o'zidan “oila qurishga tayyormanmi?” deb qayta-qayta so'rashi lozim. Shundagina to'g'ri fikr yuzaga chiqadi. Kasallikni davolagandan ko'ra, uning oldini olgan afzaldir.


Ushbu maqolani do'stlaringizga ham tarqating, ular ham o'qib chqishsin.
Имя:
Email:
Код:
Поиск певца
Kerakli xonanda bosh harfini tanlang!
A B D E F
G H I J K
L M N O P
Q R S T U
V X Y Z SH
VXOD