Dunyoning eng oldi muzeylari bilan bellasha oladigan mehmonxonalar

Добавлено: 24 Января 2020

Dunyoda shunday mehmonxonalar borki, devorlariga ilingan san’at asarlari, xonalaridagi bezaklari bilan muzeylarga o‘xshab ketadi.  Ana shunday mehmonxonalarning 6 tasi eng mashhurlari, deb topilgan. Quyida ular bilan tanishasiz.  

Italiya. Rim. Waldorf Astoria mehmonxonasi. 

Bu mehmonxona Monte-Mario tepaligida joylashgan. Derazadan tabiatning go‘zal manzaralari ko‘rinib turadi. Garchi xizmat ko‘rsatish oliy darajada yo‘lga qo‘yilgan, restoranlarida tayyorlanadigan taomlar beqiyos bo‘lsa-da, bu mexmonxona o‘zidagi san’at asarlari kolleksiyasi bilan mashhur. Asarlarning umumiy bahosi 700 million dollardan ziyod. XVI -XX asrlarga taalluqli eksponatlari mingdan oshadi. Ular orasida Napoleon o‘z o‘g‘li uchun buyurtirgan belanchak,  Endi Uorxol hamda Robert Indian asarlarining asl nusxalari bor. Lyuks xonalarga ana shunday noyob san’at asarlari qo‘yilgan.

Waldorf Astorianing boshqa mehmonxonalari ham ana shunday boy kolleksiyaga ega. Masalan, Penkindagi mehmonxonasi zamonaviy xitoy rassomlarining 600 asarini, Berlindagi mehmonxasida Berlin Badiiy akademiyasi bitiruvchilarining 900 asarini jamlagan. Lekin, Rimdagi kolleksiya beqiyosligicha qolmoqda. 
 
Niderlandiya. Amsterdam. Pulitzer Amsterdam mehmonxonasi

 Pulitzer mehmonxonasi 25 ta alohida uydan iborat. Ularning hammasi XVII - XVIII asrlarda sohil bo‘yiga qurilgan.  Aytishlaricha, mehmonxona dizayneri Yaku Stross qanday bezash zarurligini aniq bilish uchun 225 xonaning hammasida bir kechadan qolib chiqqan ekan. Ilgari bu mexmonxona ham, unda mavjud san’at asarlari kolleksiyalari ham Pulitzerlar oilasiga mansub bo‘lgan. Keyinchalik mehmonxonaning egalari o‘zgargan bo‘lsa-da, ular Pulitzer nomini faxr bilan saqlab qolishgan. Art Collector’s Suite lyuksidan golland rassomlari Terri de Kromyerning «Xals Branchi», katta Frans Xalsning “Ofitserlar banketi” kabi noyob polotnolar joy olgan. Pulitzerda, shuningdek, qadimiy buyumlarni yoqtiradiganlar va kitobsevarlar uchun kolleksiyalar ham tayyorlab qo‘yilgan. 
 
Shvetsiya. Stokgolm. The Collector’s Hotels  

The Collector’s Hotels — bu Bergtssonlar oilasiga tegishli bo‘lgan uchta  mehmonxonaning umumiy nomi. Alohida esa: Lord Nelson, Lady Hamilton va Victory Hotel nomlari bilan ataladi. Eski shahardagi Lord Nelson mehmonxonasida dengizchilik tarixi bilan bog‘liq eski xaritalar, kemalarning modeli, esdalik tangalari, dengiz janglari aks etgan miniatyuralar, admiral Nelson surati tushirilgan  fil suyagi kabi narsalar saqlanadi.   
Lady Hamilton mehmonxonasi ayollarning abadiy va adabiy nafosati aks ettirilgan haykalchalar, polotnolar bilan bezatilgan. Kiraverishda mehmonlarni ledi Gamiltonning qadimiy haykali qarshi oladi.
Victory Hotel mexmonxonasi foyesidagi shisha vitrinalarda admiral Nelsonning o‘z sevgilisi ledi Gamiltonga yo‘llagan va oilaning faxri sanaluvchi maktublar saqlanadi. Darvoqe, ledi Gamilton XVIII asrning Merilin Monrosi nomi bilan ham mashhur.

Germaniya. Shtutgart. V8 Hotel Stuttgart

V8 Hotel — Motor World ko‘rgazmalar markazining bir qismi. Ko‘rgazma eski aeroport o‘rnida tashkil etilgan. Mehmonxona dispetcherlik markazi binosini egallagan. Ar-deko uslubida bezatilgan. Foyesida o‘tgan asrning 20-yillariga taalluqli poyga avtomobillari kolleksiyasi namoyishga qo‘yilgan. Eng “zo‘r”lari xonalarda. Krovatlar Volkswagen, Mercedes yoki Morris Minor oldi qismiga o‘xshab yig‘ilgan. Bu yerda katta cho‘tkali “Avtoyuvish” xonasi, «kadillak» va «Route 66» joylashtirilgan, Jeyms Dinning ulkan portreti aks ettirilgan “Ochiq osmon ostidagi  kinoteatr” deb ataluvchi xonalar ham mavjud. 
  
Avstriya. Vena. Das Tyrol  

Das Tyrol do‘kon-mehmonxona egasi Xelena Ramsbaxer xonim san’at asarlari kolleksiyasiga juda ham o‘ch. Kolleksiyalarining bir qismi mexmonxonaga joylashtirilgan. Ramsbaxer 30 ta xonaning har biri uchun alohida, umumiy xonalar uchun alohida suratlar tanlagan. Bu noyob asarlar Bernard Ammerer, Loretta Stats, Elke Xual kabi mashhur rassomlarga tegishli bo‘lib, ko‘pchiligining mavzusi Avstriya poytaxti bilan bog‘langan.  
 
Shveysariya. Tyurix. Dolder Grand 

Bu mehmonxona kolleksiyasi shu qadar ko‘pki, qiziqqanlarga qaysi asar, kimniki va qayerda tomosha qilish mumkinligi borasida yo‘lko‘rsatkich-ma’lumotnoma beriladi. Mexmonxonaga kiravershda Dueyn Xansonning “Sayohatchi” installyatsiyasi joy olgan. Barni Endi Uorxolning “Katta retrospektiv polotno”si bezab turibdi. Ayvonga esa Fernando Boteroning “Mevali ayol” surati juda yarashib tushgan.  
Dolder Granddagi haykalchalar jamlamasi Tyurixdagi eng yaxshi kolleksiya deb tan olingan. Darvoqe, Tyurixda ellikdan ortiq muzey mavjud. Otelning o‘zi ham, kolleksiyalar ham moliyachi Ursu Shvarsenbaxga tegishli bo‘lib, 45 million shveysariya franki miqdorida baholangan.

108

Оставить комментарий

Имя:
Email:
Код:
НАЗАД
ГЛАВНАЯ