Tarixni o’zgartira olgan eng mashhur qullar

Добавлено: 06 Декабря 2019
Turli vaqtlarda qaram, erki o’z qo’lida bo’lmagan odamlar orasida ozodlik uchun kurashgan va boshqalarni ilhomlantirgan shaxslar ajralib chiqqan. Ushbu maqolada shunday insonlar haqida ma’lumotlar berib o’tamiz.

Spartak

Spartak

 Rimdagi eng katta qullar qo'zg'olonlaridan birini ko'tarishga muvaffaq bo'lgan eng mashhur qul. Spartak  Frakiyadan kelgan jangchi edi, lekin Rimliklar tomonidan asirga olingan va gladiatorga aylangan. Miloddan avvalgi 74 yilda u taxminan 200 ta izdoshlari bilan birga isyon ko'targan. Gladiator maktabining oshxonasidagi pichoqlarni va uning arsenalidagi qurollarni qo’lga kiritib, isyonchilar Vezuviyga qarab qochishdi, u yerda ularga qo'shni plantatsiyadagi va boshqa gladiator maktablarining qullari qo'shilishdi. Vaqt o'tishi bilan isyonchilar soni yangi qochib ketgan qullar bilan ko’paya boshladi.

 Rim o'sha paytda bir vaqtning o'zida bir nechta harbiy yurishlarni amalga oshirayotgan edi, shu bois uning isyonkor qullarga qarshi kurashish uchun kuchlari yo'q edi. Shu sababli, Spartak o'zining yomon qurollangan armiyasi bilan katta xavf tug'dirdi. 

Bir nechta muvaffaqiyatli janglardan so'ng, gladiator o'z qo'shinini Messi bo'g'oziga olib bordi va u yerda kilikiylik qaroqchilar bilan kelishib, odamlari bilan Sitsiliyaga yetib olishga qaror qildi. Biroq, qaroqchilar Spartakni aldashdi. Bu orada Krassus legionlari uni quvib yetishdi. Hal qiluvchi jang Apuliya va Lukaniya chegaralari yaqinida bo'lib o'tdi. Jangda isyonchilar mag'lubiyatga uchradilar va tez orada Spartak Silari daryosi yaqinida halok bo’ldi. Biroq uning jasadi topilmadi.

Asirlikda bo'lgan taxminan 6000 qul Kapuadan Rimgacha bo'lgan Appiya yo'li bo'ylab xochga mixlangan. Jasadlar yillar davomida qolganlarga ibrat bo’lish uchun osilib turgan.

Frederik Duglas

Frederik Duglas

Amerikadagi eng taniqli qora tanli huquq himoyachilaridan biri, Frederik Duglas (haqiqiy ismi Frederik Ogastes Uoshington Beyli) qul bo'lgan. U otasini bilmagan, onasi esa erta vafot etgan. Yetti yoshida, Frederik plantatsiyaga, keyinroq esa Baltimordagi Xyu Auldga xizmatkori sifatida yuborildi. Keyin taqdir unga imkoniyat berdi: qullarga savodxonlikni o'rgatish taqiqlanganiga qaramay, uy bekasi Sofiya Auld unga xat-savodni o’rgatdi.

 Duglas yashirincha o'qish va yozishni o'rganishni davom ettirdi. Olingan bilimlari kelajakda unga foydali berdi: Uilyam Freelandga xizmat qilgan holda u boshqa qullarga haftalik yakshanba maktabida Yangi Ahdni o'qishni o'rgatdi. Mashgu’ulotlar taxminan olti oy davomida yashirincha olib borildi. Ammo maktab haqida boshqalar ham ogoh bo’lgandan keyin plantatsiya egalari g'azab otiga minishdi: ular toshlar va to’qmoq-tayoqlar bilan qurollanib, sinfga bostirib kirib, o'nlab odamlarni shafqatsizlarcha do’pposlab, jazoladilar.

Frederikning o'zi esa "qullarni bo’ysundiruvchi" laqabi bilan mashhur fermer Edvard Kovey huzuriga qullikka yuborildi. Bu quldor feodal laqabiga yarasha ish qilardi. Frederik uning qo’lidan bir necha bor qochishga urindi, ammo har bir urinish muvaffaqiyatsiz yakunlanar va, albatta, jazosini ham olar edi. 

Shu orada Duglas Anna Myurrey ismli ozod qora tanli ayol bilan tanishdi. U dengiz kiyimi va pul topib, olib kelgandan keyingina Frederik qochib qutulishga muvaffaq bo’ldil. Bu 1838 yilda sodir bo'ldi. Bir kechayu-kunduz davomida yigit Nyu-Yorkka yetib keldi va u yerda qullikka qarshi kurashni boshladi. Taxminan 10 yil o'tgach, u "Shimoliy yulduz" gazetasini chiqara boshladi, ushbu axborot manbai qullikni bekor qilish harakatida muhim vositasi edi. 1861-1865 yillarda AQShda fuqarolar urushi davrida Frederik Duglas birinchi negr polklarini tashkil qilishda qatnashgan.

1850 yilga kelib, u Amerikadagi qora tanlilarning taniqli siyosiy rahbari hamda qullikni bekor qiluvchilar tarafdorlarining eng taniqli lideriga aylandi.

Olauda Ekviano

Olauda Ekviano

Britaniyadagi qullikka qarshi kurashning taniqli namoyondalaridan biri, Afrikadagi Niger daryosi yaqinidagi Essaka mintaqasida tug'ilgan. Uning otasi qishloqdagi obro'li oqsoqol edi, ammo bu narsa bolani qutqarib qolmadi: qarindoshlari uni o'g'irlab, qullikka sotib yuborishdi. 

Ekviano xotiralari bo’yicha, Atlantika okeani bo'ylab suzishdan oldin, u bir necha bor sotilganini eslaydi. Bo’yining pastligi sababli bozorda unga talab kam edi - shakar plantatsiyalarida kuchli odamlar ishlashlari kerak edi. 

Amerikada uni Britaniya Qirollik dengiz floti leytenanti Maykl Paskal sotib olgan. Qul savdogarlari orasida keng tarqalganidek, qullarga yangi nomlar berilar edi. Leytenant Ekvianoga Shvetsiya qiroli Gustav Vaza nomini berishga qaror qildi. Xizmatkor yangi nomga javob berishdan bosh tortganda, uni kishanlanlab qo’yishgan. Oxir-oqibat, Ekviano taslim bo'ldi. 

O'zining tarjimai holida u Amerikadagi qul savdogarlarining uylarida ishlaydigan qullarga nisbatan munosabat o'ta shafqatsiz bo'lganini yozgan. Masalan, odamni og’ziga temir tumshuqboq kiygizib qo’yishgan, u juda qiyinchilik bilan gapira olardi yoki ovqatlana olardi. 

Paskaldan keyin Ekviano Karib dengizidagi Montserrat orolidagi savdogar Robert Kingga sotildi. Yangi egasi unga 40 funt, ya’ni uning o’zini sotib olishga ketgan pulni to’lash sharti bilan qulni ozod qilishga tayyor edi. King nafaqat o'z so'zida turdi, balki g'oyani amalga oshirishga har tomonlama hissa qo'shdi: u qulga to'g'ri o'qishni va yozishni o'rgatdi, shuningdek uni o'z biznesida faol ishtirokini ta’minladi. Natijada Ekviano o’zini ozod bo’lishiga yetadigan mablag’ni ishlab topdi va erkinlikka erishdi. 

Huquqlarga ega bo'lib, Londonga ko'chib o'tgandan so'ng, u qullikka qarshi kurash harakatiga qo'shildi, uning ishtirokchilari Ekvianoga qul hayotining barcha dahshatlarini avtobiografiyasida tasvirlashni maslahat berdilar. "Olaudaha Ekviano yoki afrikalik Gustav Vaza hayotining maroqli hikoyasi" sarlavhasi ostida kitob birinchi marta 1789 yilda nashr etilgan va ko'p o'tmay yana qayta chop etilgan. Bundan tashqari, kitob jamoatchilik fikriga sezilarli ta'sir ko'rsatdi. Ekvianoning o'limidan ko'p vaqt o'tmay, qul savdosini taqiqlovchi qonun qabul qilindi. Muallifning o'ziga kelsak, kitobdan tushgan foyda unga moliyaviy mustaqillik olib keldi va o'zini Afrika xalqlariga yordam berishga bag'ishladi.

 

Garriet Jeykobs

Garriet Jeykobs

Bu ayol Shimoliy Karolinada qul bo'lib tug'ilgan. Garrietga o'qish va yozishni o'rgatgan uy bekasi vafot etgandan keyin, qiz uni o'ziga ma’shuqa qilishni xohlagan odamga sotildi. Boshqa iloj topolmay, Garriet qochib ketdi. Tutib qolishlaridan va o'z egasiga qaytarilishidan qo'rqib, qiz deyarli yetti yil berkinib yotdi: u uyning chordog’idagi xonadan chiqmay yashadi. 

Oxir-oqibat, u Shimolga sayohat qilishga qaror qildi. U yerda u Frederik Duglas chiqargan gazetasi bilan va o'z huquqlari uchun kurashayotgan ayollar qurultoyi ishtirokchilari bilan uchrashdi. Garriet feminist va qullikka qarshi kurash harakatining namoyondasi bo'lgan Emi Post bilan do'stlashdi. 

Bu ayol qizni o'z hayotini tasvirlab, yozishga undadi. Shunday qilib, "Qul qizning hayotidagi voqealar" kitobi paydo bo'ldi, unda qora tanli qullarning jinsiy ekspluatatsiyasi batafsil tasvirlangan. Garriet o'z muallifligini yashirdi, matnlarni Linda Brent taxallusi bilan imzolashni afzal ko'rdi.

Buker Tagliaferro Vashington

Buker Tagliaferro Vashington

U amerikalik qora tanlilarning maorifi uchun kurashgan  eng taniqli namoyondalardan biri bo'lgan. Buket Virjiniya shtatidagi plantatsiyalardan birida tug'ilgan. Uning onasi qul, otasi esa noma'lum oq tanli odam edi. Buket mustaqil ravishda savodxonlik asoslarini puxta egalladi, keyin “yakshanba maktabi”ni tugatdi. 17 yoshida, Buket qora tanli talabalarning Xampton umumiy qishloq xo'jaligi institutiga o'qishga kirdi. O'qishni tugatgach, janubdagi negrlar o’qiydigan maktablarda o'qituvchi bo'lib ishladi.

Vashingtonga ko'chib o'tgandan so'ng, Buket o'qishni davom ettirdi va o'qituvchi diplomini oldi va qora tanlilar tahsil oladigan institutda dars bera boshladi.

Buket Vashington ajoyib ma'ruzachi edi. 1895 yil sentyabrda u Atlantada (Jorjiya) savdo ko'rgazmasining ochilishida nutq so'zladi. U Amerika tarixidagi oq tanlilar oldida so'zga chiqqan birinchi qora tanli odam bo'ldi.

Buket Vashington o'z nutqida faqat ikkita sohada tenglikni talab qildi: ishga qabul qilinishda va tadbirkorlikda. Uning 10 daqiqalik nutqi janubdagi irqiy siyosatni shakllantirdi va Buket Vashingtonni negr xalqining yetakchisiga aylantirdi.

Uning obro'sini hatto Prezident Teodor Ruzvelt ham tan olgan, u hukumat lavozimlariga qora va hatto oq tanli janubdagi kishilarni tayinlash masalasida Buket bilan maslahatlashgan. Yevropa bo’ylab safari chog’ida (Antverpen, Gaaga, Parij va London) Vashington Mark Tven bilan uchrashdi va qirolicha Viktoriya tomonidan qabul qilindi. Qo'shma Shtatlarga qaytgach, Vashington irqiy muammoni tinch yo'l bilan hal qilish zarur deb hisoblaydigan, Amerikaning qora tanli aholisining taniqli yetakchisiga aylandi.

Jeyms Derham

Jeyms Derham

Jeyms Derham qul bo’la turib, tabiblik qilgan birinchi afrikalik sifatida tarixga kirdi. Uning hikoyasi bizning yuqoridagi qahramonlarimizniki kabi boshlandi: taqiqqa qaramay, egalari unga o'z mutaxassisligi asoslarini hamda o'qish va yozishni o'rgatdilar. Tibbiy bilimlarga ega Jeymsni Shotlandiyalik bir shifokor ko'rib qoldi va uni sotib oldi. Yangi egasi yigitga qo'lidan kelgan hamma narsani o'rgatdi va Jeyms o'z bilimlarini amalda sinay boshladi. Bir necha yil davomida u erkinlikka chiqish uchun kerakli mablag’ to’play oldi va ozodlikka erishdi. Jeyms asosan qora tanlilarni davolash bilan shug’ullanar edi. 

Davolash ishlarini faqatgina tasdiqlangan malaka yoki darajasi bo’lganlargina olib borishlari haqidagi qonun tasdiqlangandan so’ng, Jeyms Yangi Orleanni tark etishga majbur bo'ldi. Keyinchalik unga nima bo'lganligi noma'lum. Uning keying taqdiri haqida biron bir ma'lumot saqlanmagan.

120

Оставить комментарий

Имя:
Email:
Код:
НАЗАД
ГЛАВНАЯ