Sog`liqni saqlash vazirligi korall kalsiy onkologik kasalliklarni davolashini inkor etdi

Добавлено: 28 Декабря 2019

So`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatga chetdan olib kelinayotgan korall kalsiy biologik faol qo`shimchasi haqida har xil shov-shuvli ma`lumotlar tarqatilmoqda. Xususan  korall kalsiy juda ko`p dardlarga shifo bo`lishi, hatto, onkologik kasalliklarda ham yaxshi samara berishi haqida asossiz xabarlar tarqatilyapti. 

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur ma`lumotlarni atroflicha o`rganib, o`rganish natijalari bo`yicha ma`lumot berdi.

«Darhaqiqat, kalsiy moddasi inson hayoti va salomatligi uchun muhim mikroelementlardan biri. Zero kalsiy inson suyak tizimlarini mustahkamlash, organizmda modda almashinuvini yaxshilashda muhim o`rin tutadi.  

Korall kalsiy haqida so`z yuritiladigan bo`lsa, bu modda kalsiy karbonatning bir ko`rinishi bo`lib, kalsiyning dunyoda eng ko`p tarqalgan turi hisoblanadi. Korall kalsiysi korall qoyalardan olinadi va uning minerallar tarkibi oddiy kalsiyga qaraganda biroz boyroq bo`ladi.

Hozirgi kunda poytaxtdagi «BEVERLee Business» mas`uliyati cheklangan jamiyati xorijdan olib kelingan ana shunday mahsulotni aholiga taqdim etmoqda. Ushbu MChJ davlat ro`yxatidan o`tkazilgan va u taqdim etayotgan mahsulotlar tegishli muvofiqlik va sifat sertifikatiga ega. Biroq chetdan keltirilayotgan korall kalsiy biologik faol qo`shimchasi narxi dorixonalarda sotilayotgan kalsiy preparatidan juda ham qimmat, samaradorlik borasida esa amaldagi tibbiy preparatlardan u qadar farq qilmaydi. Buni O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti laboratoriyasida o`tkazilgan tadqiqot ham isbotladi.

«Bu ikkala kalsiyning asosini tekshirish uchun «Beverli» kompaniyasining tarmoqli marketing orqali sotilayotgan kalsiy tabletkasi va undan ancha arzon bo`lgan dorixonalarimizda sotilayotgan kalsiy tabletkasini solishtirish maqsadida maxsus tadqiqot o`tkazdik. Poroshok ko`rinishida bir xil miqdorda ikkita namuna tayyorlandi. Tadqiqotda ikkala namunaning asosi bir xil ekanligi aniqlandi. Faqatgina ‘Beverli’ kompaniyasiga tegishli kalsiy namunasida minerallar tarkibi biroz ko`proq ekan», — deydi mazkur institut ilmiy xodimi Rustam Ashurov.

Sog`liqni saqlash vazirligi Farmakologiya qo`mitasi raisi o`rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Shoislomov korall kalsiy haqida shunday deydi:

«Bu biologik faol qo`shimchani har dardga davo deb talqin etish mutlaqo noto`g`ri. Bundan tashqari, inson biror dori-darmon yoki biologik faol qo`shimcha iste`mol qilishdan oldin, albatta, shifokor ko`rigidan o`tishi lozim. Qolaversa, dori-darmon yoki biologik faol qo`shimchalarni oylab, yillab uzluksiz iste`mol qilish aslo mumkin emas.

Jumladan, tarkibida kalsiy saqlovchi har qanday dori-darmon yoki biologik faol qo`shimchani ham o`z bilganicha ichish turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Xususan, biz yura-qon tomir tizimi kasalliklariga moyilligi bo`lgan shaxslarda yurak ritmining turli buzilishlariga va hatto o`limga ham olib kelganligi haqidagi ayanchli ma`lumotlarga egamiz. Shuningdek, siydik-tosh kasalligi bor bemorlarda dardni zo`raytirib yuborganlik holatlari ham ko`p kuzatilgan».

Shunday ekan, kasalliklarni davolashda sifat va miqdor jihatdan tekshiruvlardan o`tkazilgan, shu bilan birga, xususiyatlari ham to`liq o`rganilgan kalsiy saqlovchi dori vositalaridan shifokor tavsiyasiga asosan foydalanish maqsadga muvofiq. Bugungi kunda mamlakatda kalsiy saqlovchi juda ko`p samarali dori vositalari ro`yxatdan o`tkazilgan va dorixonalarda etarli miqdorda mavjud, narxi ham hamyonbop", deyiladi Sog`liqni saqlash vazirligi taqdim etgan xabarda.

136

Оставить комментарий

Имя:
Email:
Код:
НАЗАД
ГЛАВНАЯ