Rasioni cheklanganlar uchun bayram parhezi qanday bo`ladi? (Dietolog maslahatlari)

Добавлено: 28 Декабря 2019

Dasturxonda xilma xil taomlar bo`lgani yaxshi ammo ayrim surunkali kasalligi bor bemorlar yangi yil oqshomida parhezni buzsa, turli noxushliklarga duch kelishi mumkin. Buning oldini olish uchun bayramga taom tayyorlashda parhezshunos maslahatiga amal qilish kerak. Xo`sh, dietologlar bayramda parhezdagilarga qanday taomlarni tavsiya etadi? Ushbu mavzu bo`yicha parhezshunos Guljahon Yo`ldosheva quyidagilarni tavsiya qildi.

O`T QOPI KASALLIKLARIDA

Xolesistit – o`t pufagining yallig`lanishi. O`tda muammo bo`lsa og`ir hazm bo`luvchi taomlarni eganda hazm tizimi zo`riqishga uchraydi. Buning oldini olish uchun dasturxonga engil taomlarni tortish lozim. 

Maslahat 

O`ti shamollagan, o`tida toshi bor bemorlar uchun yog`siz taomlarni kam tuzli, achchiq ziravorlar qo`shmasdan, qaynatib, dimlab, bug`lab yoki gaz pechida tayyorlash maqsadga muvofiq. Bir kecha-kunduzda qabul qilinadigan suyuqlik miqdori 2-2,5 litrdan kam bo`lmasligi zarur.

Bir kunda 4-5 marta kam-kamdan ovqatlanish lozim.

Taom issiqligiga e`tiborli bo`ling. Juda sovuq mahsulotlarni iste`mol qilish kuchli og`riqlarga sabab bo`lishi mumkin. 

Juda sovuq bo`lmagan gazsiz, alkogolsiz ichimliklar, kompot va sharbatlar tavsiya qilinadi.

Qanday mahsulotlar mumkin?

Nonushta: kefir, qatiq, tvorog donli bo`tqalar; olma sharbati, yog`siz tvorog, tuxumli omlet.

Tushlik: qaynatilgan sabzavot sho`rva, bug`da yoki duxovkada pishirilgan baliq, venegret salati; teftel sho`rva, tovuq go`shtidan bug`da pishgan kotlet; 

Kechki ovqat: yog`siz go`sht va guruchli do`lma; sabzavotlar hamda suyakli go`shtdan dimlama, karam va pishloqli salat.

Bayram rasionida olma, anor, mandarin kabi mevalar bo`lsa, ziyon qilmaydi. Salatlarga mayonez emas, o`simlik yog`i qo`shish maqsadga muvofiq.

QANDLI DIABETDA

Qandli diabet tashxisi qo`yilganlar uchun Yangi yil dasturxoniga qanday ovqat tayyorlash kerak? Ular o`zlarining sevimli salatlari, go`shtli ovqatlaridan voz kechsinmi?

I va II turdagi qandli diabeti borlar uyda va mehmonga borganda hamyonida insulin bo`lishini nazorat qilishi kerak. 

Nimalar cheklanadi?

  • Yog`li go`shtlar;
  • Parranda go`shtining terisini olib tashlash talab etiladi;
  • Kolbasa va boshqa dudlangan mahslotlar;
  • Pishiriqlar;
  • Qovurilgan baliq;
  • Oq non, xamir ovqatlar;
  • ketchup, mayonez, gorchisa;
  • alkogol, tamaki.

Yuqoridagi mahsulotlarsiz bayram dasturxoningiz g`arib bo`ladi, deb o`ylamang. Aksincha to`g`ri yondashuv natijasida bayramingiz hech bir talafotsiz ko`ngilli o`tadi. Va, albatta, bunday sog`lom ovqatlanish mehmonlaringizga ham manzur bo`ladi. 

Ichimliklar

Albatta, bayram stolida ichimliklar ham bo`lishi kerak. Diabetga moyil kishilar limonli suv, choy va mineral suvlarni dasturxonga qo`yishi mumkin. Yangi yil oqshomida diabet bilan og`riganlar o`zini bir finjon qahva yoki yarim qadah uzum sharobi bilan xursand qilishlari mumkin. Gazli shirin ichimliklarning hatto sog`lom odamlarga ham zararli ekani ma`lum. Shuning uchun ularni xarid qilishga hojat yo`q.

Agar uyingizda qandli diabeti bor inson bo`lsa yoki shunday mehmon tashrifini kutayotgan bo`lsangiz, dasturxonga shirinlik mahsulotlarini, o`ta yog`li taomlarni, sariyog` va margarinli tort hamda pishiriqlarni tortishdan cheklaning. Salatlarga esa zaytun yog`i qo`shing. Bu yog` organizmda foydali xolesterin miqdorini oshiradi.

Ovqatlardan folgaga o`rab gaz pechida pishirilgan tovuq, kurka, baliq va qo`ziqorinli taomlarni tayyorlashingiz mumkin. 

Unutmang, parranda go`shtining terisini olib tashlash kerak. 

Taom tayyorlashda sabzavotlar, kletchatkali va donli mahsulotlardan bemalol foydalanavering. 

SURUNKALI BUYRAK KASALLIKLARIDA

Yangi yil dasturxonida ko`p xonadonlarda tuzlangan va dudlangan mahsulotlarga alohida o`rin beriladi. Biroq buyrak og`rishidan aziyat chekuvchi kishilarga tuzli, sho`r, dudlangan oziqlar mumkin emas. Buyrak jomi yallig`lanishi – pielonefrit, buyrak toshi va boshqa buyrak muammolarida quyidagi parhez tavsiya qilinadi.

1) kam miqdorda go`shtli, baliqli va qo`ziqorinli sho`rvalar. Turli souslar, ziravorlar, go`sht va baliqni faqat qaynatilgan ko`rinishda iste`mol qilish mumkin. 

2) suyuqlik miqdori 1 kunda 1,5-2 l dan kam bo`lmasligi kerak. Bu peshob yo`llarini yuvish uchun juda muhim.Tanada shish bo`lsa, ko`p suyuqlik ichish cheklanadi.

3) buyragi xasta bemorning ovqati vitaminlarga boy, tuzi kam bo`lishi kerak. Agar unda arterial gipertenziya (qon bosimi yuqori) ham hamroh bo`lsa kam kaloriyali, oz-ozdan tez-tez ovqatlanish tavsiya etiladi. 

Bayramda ichimliklardan meva sharbati va kompotlari, na`matak qaynatmasi, mors hamda mineral suv ichish mumkin.

Surunkali buyrak xastaligi bo`lganlar rasionidan tarkibida efir moyi bor sabzavotlar (piyoz, xren, turp, rediska, sarimsoqpiyoz), baliq, go`sht, qo`ziqorin solib, ko`p qaynatib pishirilgan sho`rvalar cheklanadi.

Bo`g`imlarda tuz bo`lsa...

Podagra – bo`g`imlarda tuz yig`ilishi oqibatida harakatlanishda qulayliklar cheklanishiga olib keluvchi kasallik. Podagrada asosiy muolaja – parhez. Shuning uchun hatto bayramda ham uni buzish mumkin emas. Bu kasallik bilan og`riganlarning Yangi yil dasturxoniga uzoq pishgan qaynatma sho`rvalar, dudlangan kolbasa va go`shtlar, konservalar qo`yilmagani ma`qul. Spirtli ichimliklar qat`iyan man qilinadi, ayniqsa pivo hamda shirin gazli ichimliklar mumkin emas. Faqatgina gazsiz ishqorli mineral suv ichish lozim. Bemorlarga tuzlangan, yog`li va qovurilgan taomlardan cheklanish tavsiya etiladi. Bular kasallik xuruji “bosh ko`tarishi”ga olib kelishi mumkin.

Nimalar cheklanadi?

1)Shokolad, qahva, kakao va qora choy.
2) Daryo balig`i, seld, shprot.
3) No`xat, chechevisa, guruch, dukkaklilar, suli.
5) yog`li go`shtlar,mol tili, jigar.

Nimalar mumkin?

1)Tovuq, quyon, kurka go`shti, yog`siz baliq. Hammasi qaynatilgan ko`rinishda. Go`shtsiz sabzavotli engil sho`rvalar.

2) Tortlar cheklanadi, shirinliklar, marmelad, zefir va murabbo kam miqdorda tavsiya etiladi.

3) Yangi bodring sharbati tanani tuzlardan tozalaydi. Ko`katlardan eng ma`quli – shivit.

4) Ovqatlarni mikroelementlarga boy zaytun va zig`ir yog`ida tayyorlash mumkin.

GEPATITLARDA

Gepatit bilan kasallangan bemorlarning bayram taomlarini tayyorlashda quyidagi mahsulotlar cheklanadi:

  • yog`li baliq va go`shtlar;
  • sut va sut mahsulotlari, sariyog`, margarin;
  • kolbasa va dudlangan go`shtlar, tuxum;
  • yangi pishgan non, shirinliklar;
  • karam, pomidor, rediska, piyoz, sarimsoqpiyoz;
  • achchiq choy, qahva, alkogol, shokolad;
  • tuzlamalar, ziravorlar, konserva va gazli ichimliklar. 

 

Shifobaxsh taomlar

Agar kasallik o`tkir ko`rinishda bo`lsa, jiddiy parhez asosida yog`siz, qovurilmagan, iliq taomlar, bo`tqalar iste`mol qilish mumkin. Ammo ularda tuz miqdori 1 kunda 4 g gacha cheklanadi. Agar yangi yilni shifokorlar bilan birga kutib olishni istamasangiz, hatto bayramda ham bu me`yorni buzmaslik talab etiladi. 

Ko`pincha gepatit bo`lgan kishilarda ishtaha past bo`ladi. Shuning uchun ularga ishtahabop taomlar pishirib berish lozim. Misol uchun tovuq to`shi solib, qovurilmasdan pishirilgan parhez osh, bug`da pishirilgan baliq ularga xush yoqishi shubhasiz.

Qaynatilgan sabzavotlardan yog`siz yogurt yoki o`simlik moyi solib, ajoyib salat tayyorlash mumkin. Bu erda salatga qanday bezak berish sizning fantaziyangizga havola. Faqat ularga piyoz, mayonez, kolbasa qo`shmagan ma`qul. Shuningdek, bemorlar dimlangan sabzavotli taom, kartoshka pyuresi, yog`siz sut iste`mol qilishi mumkin.

Mol go`shti qiymasiga tuxum oqini qo`shib, bug`da pishirilgan kotlet – parhez taomga yaxshi qo`shimcha bo`ladi. Desertga esa gaz pechida pishirilgan olma, uyda tayyorlangan pishiriq va asal yaxshi ketadi. Yog`siz tvorog yoki yogurtga banan va olma bo`lakchalarini aralashtirsangiz, bunday desert ham sizga ma`qul bo`ladi, deb o`ylaymiz.

  Manzura BEKJONOVA tayyorladi

141

Оставить комментарий

Имя:
Email:
Код:
НАЗАД
ГЛАВНАЯ