Autizmning arzon davosi topildi

Добавлено: 01 Февраля 2020

Autizm – markaziy nerv tizimida buzilishlar bilan tavsiflanadigan xastalik hisoblanadi. U qizlarga nisbatan o‘g‘il bolalarda ko‘proq uchrab turadi, 2 yoshgacha bo‘lgan davrda ilk alomatlari bilan namoyon bo‘ladi. Sindromning qaysi turi yoki darajasiga qarab unga duchor bo‘lgan bolalar jamiyat bilan, hatto ota-onasi bilan muloqot qilishda ham jiddiy muammolarga duch keladi. Bunday bolalar tengqurlari uchun odatiy bo‘lgan birgalikdagi o‘yinlar, suhbatlarda ishtirok etish layoqatiga ega bo‘lmaydi. Ularning kun davomida bir-biriga o‘xshash harakatlarni takrorlashi kuzatib turgan odamga g‘alati tuyulishi mumkin, biroq bu autist bolalarning joniga tegmaydi.

Bugungi kunga kelib dunyoga kelayotgan har 1000 nafar chaqaloqning o‘rtacha 1-2 tasiga autizm tashxisi qo‘yilayotganligi ushbu xastalik juda kam uchraydigan muammolardan biri bo‘lmay qolganini isbotlab turibdi. Tabiiyki, uni davolovchi tibbiy vositalar va dori-darmonlar ishlab chiqarish, yangi turdagilarini yaratish ustida ham tinimsiz izlanishlar olib borilmoqda.
 
Yaqinda “sciencealert.com” portali tomonidan autizmdan aziyat chekuvchilarni davolashda yuqori samara beradigan yangi tadqiqot natijalari e’lon qilindi. Ushbu yangilikning muhim jihati, uning avval yaratilgan davolash vositalariga nisbatan samaraliroqligi va narxining nisbatan arzonligidir. Bu, ayniqsa, autizm sindromi bilan xastalangan farzand ulg‘aytirayotgan kam byudjetli oilalar uchun muhim topilma.

Tarkibining asosini bumetanid dori vositasi (odatda yuqori qon bosimiga olib keluvchi gipertoniya va shishlarni davolash muolajalarida buyuriladi) tashkil etuvchi preparat ustida izlanish olib borgan olimlar guruhi uning autizmga sabab bo‘ladigan buzilishlarni davolashda yuqori samara berishini aniqlashdi.

Preparat ustida o‘tkazilgan tadqiqotlar uning miya to‘qimalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini tasdiqladi. Shundan so‘ng tajribalar autizm sindiromidan aziyat chekayotgan o‘smirlar ishtirokida davom ettirildi. Bundan ko‘zlangan maqsad preparatning nuqsonli miya to‘qimalariga qay darajada ta’sir ko‘rsatishiga ishonch hosil qilish edi. 

Tajribalar jarayonida autizmning turli darajasi bilan qiynalayotgan 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan 81 nafar bolakay ishtirok etdi. Ular 2 guruhga ajratildi va bir guruhdagi bolalarning uch oy davomida har kuni 0,5 mg.dan bumetadin qabul qilishi nazorat qilib borildi.
 
Natijalar preparatni qabul qilgan guruhdagi bolalarda autizm belgilari sezilarli darajada yaxshi tomonga o‘zgarganligini ko‘rsatdi. E’tiborli tomoni, bolalardagi o‘zgarishlarni baholab borgan shifokorlarga aynan qaysi bolalar preparatni qabul qilayotganligi ma’lum qilinmagan holda xulosa berish talab etilgan. Shifokorlar aynan preparat qabul qilgan bolalarni ajratib berganligi ijobiy o‘zgarishlar qanchalik katta tafovut hosil qilganligini ko‘rsatib berdi. Qayd etilgan asosiy o‘zgarishlar, bolalarda bemaqsad takrorlanuvchi xarakatlarning kamayganligi va yangi buyumlarga nisbatan alohida qiziquvchanlik belgilarining ortganligida yaqqol sezilgan.
Shuningdek, olimlar tajribalar yakunida preparatni bolalarda qo‘llash ularning umumiy salomatligi uchun bezarar ekanligini ham tasdiqlashdi.

510

Оставить комментарий

Имя:
Email:
Код:
НАЗАД
ГЛАВНАЯ