Ish va bolalar tarbiyasini birgalikda olib borishni istagan onalarga kichik maslahatlar

Добавлено: 24 Января 2020

Bolalari bor ayollarga korxonalarda ishlash bir muncha qiyin. Sevimli kasbi bilan shug‘ullanay desa, jondan aziz bolalarining tarbiyasi qolib ketyapti. Bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanay desa, ishlamasa bo‘lmaydi. Har ikkalasi ham muhim. Ularni qanday qilib uyg‘unlashtirish mumkin?
Eng yaxshi yo‘li – uyda ishlash. Hozirda kasbi ijod bilan bog‘liq ayollar uchun bunday ishni topish qiyin emas. Internet kundan kunga rivojlanib, qamrovi kengayib bormoqda. Uning yordamida har qanday olislikdagi masofadan turib ish bajarsa bo‘ladi: nusxa ko‘chiruvchi, dizayner, SMM-mutaxassisi, rassom va boshqa ijodiy ishlar hamma yerda topiladi. Hatto, buxgalterlar ham o‘z ishlarini masofadan turib bajarishmoqda. 
Onalik ayolga o‘z ijodiy imkoniyatlaridan unumli foydalanishni o‘rgatadi: Internet olamida kimdir mohirona tikishni, to‘qishni  boshlaydi. Yana kimdir bir vaqtlar shunchaki qiziqish sifatida yo‘lga qo‘ygan onalik blogidan foyda ko‘radi. Bu ishdan bolalar ham ruhlanadi va bir qator kutilmagan g‘oyalar bilan gangitib qo‘yadi. Onalik ta’tilida o‘tirgan paytda o‘z kasbingizni butunlay o‘zgartirib, ham foyda, ham zavq oladigan muvaffaqiyatli yo‘nalishga aylantirishingiz mumkin.

Uyda o‘tirib ishlashning imkoni bo‘lmasa, buning uchun o‘zingizni ayblamang. Bunday holatda vaqtni to‘g‘ri taqsimlang. Oila uchun vaqt kamroq qoladigan bo‘lsa, unda bu vaqtni mazmunli o‘tkazishga intiling. Bolalar uchun siz bilan o‘tkazgan vaqt juda muhim. Bu vaqtda o‘tkazilgan mashg‘ulotlardan, suhbat-u o‘yinlardan ular chin dildan bahra olishadi, butun umr eslab yurishadi. Ular uchun stol ustida, muzlatkichda yegulik borligini yoki biror muhim voqeani eslatuvchi xatlar qoldiring. Ishdaligingizda bo‘sh vaqt topib qo‘ng‘iroq qiling: o‘qishlarini, kayfiyatini, salomatligini so‘rang. Shunday qilingki, siz uyda bo‘lmasangiz ham bola sizning borligingizni, mehringizni, muhabbatingizni his qilib tursin.
Uydaligingizda eringiz va bolalaringizga xush yoqadigan kichik tadbirlar uyushtiring. O‘z qo‘llaringiz bilan shirinliklar tayyorlab, birgalikda yeb, suhbatlashib o‘tiring. Bolalaringizni qiynayotgan muammolarni e’tibor bilan, ko‘zlariga qarab tinglang. Xayolingiz televizor, telefon sababli bo‘linmasin. Dam olish kunlari birgalikda ko‘rgazmalarga, konsert, teatr tomoshalariga borib turishni unutmang. Bularning hammasi oila a’zolari o‘rtasidagi samimiyatni, ishonchni kuchaytiradi. 

124

Оставить комментарий

Имя:
Email:
Код:
НАЗАД
ГЛАВНАЯ