Показать меню
Faсebookdagi do‘stlar safiga boshlig‘ingizni qo‘sha olasizmi?



Kunlardan bir kuni sevimli Faсebookni ochdingiz va boshlig‘ingizdan do‘stlik taklifi yuborilganini ko‘rdingiz. Munosabatlarni yaxshi saqlash uchun qabul qilasizmi yoki shaxsiy doirangizning daxlsizligi uchun nazokat bilan rad etish yo‘lini qidirasizmi? Umuman, ijtimoiy tarmoqda rahbar-xodim do‘stlasha oladimi? Maqolamiz shu haqda.

Boshliq bilan ijtimoiy tarmoqda do‘stlashish – qaltis va nozik masala, ishonavering. To‘g‘ri, ish joyida qadrdonlar singari bir-biringizning qo‘lingizni siqasiz, bir piyola choy ustida hamsuhbat bo‘lasiz, haddingiz sig‘sa hazil qilasiz, o‘zaro sovg‘alar taqdim etishasiz, boringki, shaxsiy mavzularda suhbatlashishingiz mumkin. Ammo ijtimoiy tarmoqda darhol do‘stlashmagan afzal. Bu siyosiy masala 

Ijtimoiy tarmoqlar borgan sari kasbiy imkoniyatlarimizni kengaytirib bormoqda. Ko‘pchilik esa shaxsiy xabar almashish va oilaviy munosabatlarni rivojlantirish uchun foydalanadi. O‘ta yaqinlashuv turgan-bitgani foyda, deb aytish qiyin. Ijtimoiy tarmoqdagi oilaviy tushgan rasmingizga boshlig‘ingiz izoh qoldirsa, sizga yoqmasligi mumkin. Oshnalar bilan qayerdadir kayf-safo surayotgan rasmingizni boshlig‘ingiz ko‘rib layk bosishi va izoh yozishini istamasangiz kerak.

Pensilvaniya universiteti olimlari “Yo, Xudoyim, boshlig‘im men bilan do‘stlashdi” (OMG My Boss Just Friended Me) degan xitobli nom ostida izlanish o‘tkazdi. Natijaga ko‘ra, 18 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan qatnashchilarning 30 foizi boshlig‘i bilan ijtimoiy tarmoqda do‘stlashishdan mamnun ekan. Umuman, boshliq bilan do‘stlashishni noqulay hisoblaydiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular bu holni xuddi ota-onasi shaxsiy ishlariga aralashayotgandek qabul qilishadi.

Boshliq bilan ijtimoiy tarmoqda do‘stlashishning qanday foydali tomonlari bor?

  1. Ijtimoiy tarmoq – ajoyib narsa. Undan boshliqni qiziqishlarini aniqlasa bo‘ladi: qaysi mashinani yoqtiradi, qayerda dam olishni xush ko‘radi, qaysi hofizni tinglaydi va hokazo. Sizga bu umumiy qiziqishlaringizni aniqlashda yordam beradi: “Falonchixon aka, siz ham Nazarbekovni eshitasizmi? Manda yangi konserti bor”
  2. Uning nozik tomonlarini tez ilg‘aysiz. Bundan foydalanish mumkin  Ayniqsa, xushomadni qotiradiganlar uchun katta qulaylik. Ertalabdan keliboq, uning sahifasidagi rasmni maqtaysiz, statusidagi hikmatga layk bosib, shartta ulashasiz. Yoki farzandining yaxshi o‘qiyotgani bilan tabriklab qo‘yasiz. Bu boshliqning ojiz tomonlaridir – u qanchalik qattiqqo‘l bo‘lmasin, bu mavzularda kulib bosh irg‘ab qo‘yadi.
  3. Karyerada qo‘l keladi. Aslida ham boshliq bilan yaxshi munosabatni saqlash hech kimga zarar keltirmagan. Boshliq nazariga tushgan xodimlarga esa lavozim eshiklari lang ochiq. Bu yo‘lda kommunikatsiya vositalari xizmatingizda.
  4. Ishga jon-jahdi bilan kirishgan odam qiyofasini chizing. O‘z sahifangizda xizmatdagi muvaffaqiyatlaringiz, o‘tgan kurslaringiz, ishtirok etgan loyihalaringizni yozib qo‘ying. “Xo‘p tajribali mutaxassis ekan” deb o‘ylasin ko‘rganlar. Bu karyera daftaringizga bir ball qo‘shadi.

Boshliq bilan ijtimoiy tarmoqda do‘stlashishning qanday zararli tomonlari bor?

Boshliq bilan “feysbukdosh” bo‘lishning foydasi bilan bir qatorda yaxshigina zararlari bor. Yuqorida eslab o‘tilgan tadqiqotda 70 foiz ishtirokchi bundan noqulaylik tuygan, o‘zini bosim ostida his etgan.

Nega bunday? Chunki hamisha oq ko‘ylak qora shimda yurmaymiz. Uyda boshqachamiz, do‘stlar davrasida “o‘zimizni qo‘yib” yuboramiz. Xuddi shu rasm va videolarni ko‘rgan boshliq biz haqimizda fikri o‘zgarishi tayin.

  1. Ijtimoiy tarmoqdan asl qiyofangizni yashira olmaysiz, boshliqning oldida esa doimo “formada”siz. Aytaylik, siz sevgan selfi degan narsani ko‘rsa boshlig‘ingizning asabi o‘ynar. Birrov sahifangizga mehmon bo‘ldi, unda esa selfi demagani g‘ij-g‘ij..
  2. Ijtimoiy tarmoqqa yopishib olganmisiz-yo‘qmi – tekshirib ko‘ra oladi. Internet barchasini “sotib beradi”. Avataringiz oldidagi ko‘k chiroqcha yonib turgan bo‘lsa, demak ish vaqtida gap sotish bilan ovorasiz. Xo‘sh, shunda ham ishlayotganligingizni isbotlab ko‘ring-chi. Layk bosib yo ulashib qo‘ysangiz, muammo yanada chigallashadi.
  3. Boshliq statusingizga layk bosishi yo izohlashi mumkin. Laykka chidasa bo‘lar, izoh esa har xil bo‘ladi. Aytaylik, do‘stlar bilan maishatdasiz, boshliq esa “O‘rtoqlar, ertaga ishga borishingiz esdan chiqmasin-a”, deb izoh tashladi. Yaqin ulfatingiz shu izohni yozsa talab tashlaysiz-a, ammo boshliqqa bo‘ysunmay ko‘ring…
  4. Endi ish haqida doimo ijobiy mazmunda yozasiz. Ilgari ijtimoiy tarmoqda “oylik bermayapti”, “loyiha oyog‘i osmondan keldi” deya shikoyat va kinoyaviy ohangda yozib yurgan edingiz. Hushyor bo‘ling – sizni monitoring qilishyapti.
  5. Deylik, o‘ng‘aysiz rasmlarni o‘chirib qutuldingiz. Ammo do‘stlardan qutulib bo‘lmaydi-ku. Biror yaqin ulfatingiz rasmlaringizni qo‘yib “Kecha bo‘kib ichibmiz” deb yozib, kamiga sizni belgilab tursa, buyog‘i qanchadan tushdi?

Boshliqning do‘stlik taklifidan qanday qutulish mumkin?

  1. Irodangizni to‘plab o‘ziga ochiq ayting. “Shunday-shunday, men xizmatchilikni va shaxsiy doiramni aralashtirmoqchi emasman. Davlatning juniga shaxsiy juningni aralashtirma deb qo‘yibdi”. Xushfe’l rahbar to‘g‘ri tushunadi. Agar uning o‘zi shu holatni boshidan kechirgan bo‘lsa, achchiqlanmaydi.
  2. Bu vaziyatdan sizni LinkedIn ijtimoiy tarmog‘i qutqarishi mumkin, chunki u aynan xizmat masalalari bo‘yicha aloqa qilish uchun yaratilgan. Feysbukda emas, LinkedInda do‘stlashing.
  3. Taklifni rad eting. Ha, bu bolalarga xos, ammo taklif muddatini cho‘zib yurish ham yaxshi emas. Boshliq buni unutib yuborishi ham mumkin. Agar u nega rad etganingiz bilan qiziqsa, ijtimoiy tarmoqqa kam kirishingiz, parolni esdan chiqarib qo‘yganingizni bahona qiling. Kamiga “men haqiqiy hayotda muloqot qilishni afzal bilaman” deb qo‘shib qo‘ying.
  4. Boshliq taklifini qabul qilib, ko‘p o‘tmay do‘stlar safidan o‘chiring. Yaxshiki, ko‘plab tarmoqlarda do‘stlar safidan o‘chirilgan a’zoga xabar bormaydi. Ammo buning nozik tarafi bor, u baribir mushtariylaringiz orasida qoladi va ertami-kechmi bu haqda baribir biladi.
  5. Maxfiylik (privatnost) sozlashlaridan foydalaning. Bu eng maqbul yo‘ldir. Avvalo, do‘stlarni saralab olasiz: yaqin do‘stlar, tanishlar, hamkasblar va hokazo. Rasm yoki postni ulashganda “hamkasblar” (yoki falon shaxs) ko‘rmaydigan qilib sozlasa bo‘ladi.

Ammo esda tutingki, bu ham shaxsiy axborotni yuz foiz saqlay olmaydi. Bexosdan maxfiylik sozlashini unutib qo‘ysangiz, ana tomosha.

Maqolamiz so‘ngida taskin beruvchi bir faktni keltirib o‘tamiz: boshliqlarning o‘zi ham xodimdan do‘stlik taklifi yuborilishini xush ko‘rishmas ekan. Robert Half konsalting kompaniyasi o‘rganishiga ko‘ra, 57 foiz boshliqlar o‘z xodimidan do‘stlik taklifi olishni yoqtirmagan, faqat 37 foiz qatnashchi qarshi emasligini bildirgan.

Siz bu haqda nima deysiz? Boshlig‘ingiz ijtimoiy tarmoqda kuzatib qo‘lga tushirgan holatlar bo‘lganmi? Bu haqda bizga izoh qoldiring.

lifehasker.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi


Ushbu maqolani do'stlaringizga ham tarqating, ular ham o'qib chqishsin.
Имя:
Email:
Код:
Поиск певца
Kerakli xonanda bosh harfini tanlang!
A B D E F
G H I J K
L M N O P
Q R S T U
V X Y Z SH
VXOD