Yuz terisiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan oddiy 5 ta narsa

Добавлено: 02 Июня 2020 Источник: daryo.uz

Toshmalar, yallig‘lanish va husnbuzarlar paydo bo‘lishi tashqi omillar bilan ham bevosita bog‘liq. Quyida siz e’tibor bermaydigan, ammo yuzingiz holati qanday bo‘lishida muhim rol o‘ynaydigan sabablarga to‘xtalamiz.
 

Yostiq jildi

Tunda yuz terisidan kunning boshqa qismiga nisbatan ko‘proq miqdorda yog‘ ajraladi. Siz yotgan vaqtda, ajralib chiqqan yog‘ yostiqqa tegadi. Ko‘zga ko‘rinmagani bilan ushbu jarayon har kuni davom etadi va yostiq kirlanadi. Shu bois yostiq jildi va choyshablarni kamida uch kunda almashtirish, yuvib dazmollash tavsiya qilinadi.

Telefon

Telefonni infeksiya manbasi desa ham xato bo‘lmaydi. Yuzning chakka, quloqqa yaqin qismiga husnbuzar toshishi sabablaridan biri ham aynan ushbu aloqa vositasi hisoblanadi. Chang va kir joyda qolgan, toza bo‘lmagan qo‘l bilan ushlangan telefonni gaplashish uchun quloqqa olib borilganda uning yuzasidagi bakteriya va infeksiyalar yuz terisiga yopishadi. Yuzingizga turli toshma va qizarishlar toshishini oldini olishni istasangiz smartfoningizni antiseptik vositalar bilan zararsizlantirib turishni yoddan chiqarmang.

Makiyajni yuvmasdan sport bilan shug‘ullanish

Teridan ajralgan yog‘, surtilgan kosmetik vositalar bilan aralashganda yuzingiz qanday ahvolda bo‘lishini tasavvur qilyapsizmi? Salomatlik uchun sport bilan shug‘ullanishga qaror qilgan ekansiz, bu vaqtda yuzingiz makiyajdan xoli to‘yib nafas olishiga ham qo‘yib bering. Mashqlardan avval yuz terisini kosmetik vositalardan tozalashni yoddan chiqarmang.

Sochiq

Zararli bakteriyalar namlikni sevishini bilarmidingiz? Yo‘q bo‘lsa, bilib oling: bakteriyalar nam matolarga yopishib, joylashib oladi. Shu sababdan ham yuz sochig‘i doim quruq bo‘lishi va iloji bo‘lsa uni har kuni yuvib almashtirish kerak.

Husnbuzarlarni o‘zboshimchalik bilan yo‘q qilishga urinish

Qizarib, husnni buzib turgandek tuyulgan husnbuzarlarni qo‘l bilan ichidagi suyuqlikni chiqarib tashlash ko‘pchilik uchun tanish holat bo‘lishi mumkin, lekin oqibati haqida hamma ham bilavermaydi: qo‘lda ko‘zga ko‘rinmas bakteriyalar limmo-lim bo‘ladi, siqilgan husnbuzar o‘rni dog‘ va chuqurcha bo‘lib qoladi va o‘zboshimchalik infeksiya tushishi va jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Yuzingizda muammolar kuzatilayotgan bo‘lsa, eng avvalo shifokor yoki kosmetologdan maslahat oling. Har qanday usul va niqoblarni sinab ko‘rishdan avval yuz teringizning sezuvchanligi qanday ekani haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ling.

322

Оставить комментарий

Имя:
Email:
Код:
НАЗАД
ГЛАВНАЯ